Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish yo‘lga qo‘yilmoqda

15.08.2024 13:59
eye icon100
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish yo‘lga qo‘yilmoqda
Bugun Oliy Majlis Senatining 55-yalpi majlisi bo'lib o'tdi. Unda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. 

Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanmoqda.

Qonun bilan ilk bor yangi institut joriy qilinmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o‘ttiz kun muddatgacha beriladi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshiriladi.

Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda maʼnaviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini taʼminlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda.

Bundan tashqari, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli taʼsir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi. 

Majlisda ta'kidlanishicha, oxirgi 3 yilda 2 mingdan ortiq fuqaro sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun javobgarlikka tortilgan.

Ma'lumot uchun: himoya orderini olgan fuqarolar 30 kun ichida quyidagi holatlarda himoya qilinadi:

  • tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi;
  • taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi (ish va ta’lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);
  • taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • zo‘ravon shaxs zimmasiga (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma’naviy zararni qoplash kabi) majburiyatlar yuklaydi;
  • zo‘ravon shaxsning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi (xizmat qurolidan tashqari).

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img