O‘zbekiston va jahonda bola huquqlari qanchalik ta‘minlangan?

15.08.2024 11:22
eye icon36
O‘zbekiston va jahonda bola huquqlari qanchalik ta'minlangan?
Ma’lumki, hozirgi kunga kelib dunyo aholisi 8 milliarddan oshib ketdi va shundan 34 foizini 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi. Xo‘sh, voyaga yetmagan bolalar huquqlari qay darajada kafolatlangan?

Odatda, huquq kafolati haqida so‘z borganda, amaldagi qonun hujjatlari, ularning mazmuniga singdirilgan huquqiy normalarning mazmuni tushuniladi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, huquqiy normalar ideal holatda mavjud bo‘lar ekan, undan biron-bir kamchilik topish mushkul.

Masalan, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasiga ko‘ra, «Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir. Bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir», deb belgilangan. Bu o‘rinda qonun chiqaruvchi bolaning yashash huquqlari kafolatlarini normalagan. Xuddi shunday tarzda bolaning har bir huquqi mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlari qonun normalari mazmuniga singdirilib, uning alohida huquqiy mexanizmlari qonun hujjatlarida o‘z ifodasini topadi.

Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi, o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi, ota-ona va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi hamda boshqa muhim huquqlari nazarda tutilgan. Shunday bo‘lsa-da, bolaning yashash joyini belgilash, uning fikrini inobatga olishga doir huquqlar qonunchilikda aniq ifodalanishi zarur.

Ba’zida ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilayotganligi holatlari ko‘rsatilmoqda. Bu garchi salbiy holat bo‘lsa-da, unga nisbatan muayyan huquqiy choralarning qo‘llanilishi kelgusida bola huquqlari buzilishining oldini olish bilan birga, kafolatlar qay darajada amalda ishlashini ham ko‘rsatadi.

Masalan, AQSHning «Politsiya to‘g‘risida»gi qonunining 29 a-bandiga ko‘ra, zo‘ravonlik ishlatgan oila boshlig‘ining uyga kirishi, xotini va bolalari bilan ikki hafta davomida har qanday aloqa qilishi taqiqlanadi. AQSHning ko‘plab shtatlarida o‘tgan asrning 60-yillari oxirida fuqarolar bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda gumon qilingan taqdirda har bir holat bo‘yicha rasmiylarga hisobot berishga majbur qiladigan qonunlar qabul qilingan.

Agar bola oilaviy ahvolidan norozi bo‘lsa va sudga murojaat qilsa, unga ota-onasi yoki vasiylariga sudga kelishlari shartligi to‘g‘risida xabar berish kifoya. Ota-onalariga qarshi da’vo qo‘zg‘atish uchun bola kamida 14 yoshda bo‘lishi kerak. Bola, shuningdek, o‘z daromadi borligini va o‘zi haqida o‘zi g‘amxo‘rlik qilishi mumkinligini isbotlashi kerak.

Bolalar va o‘smirlar huquqlarining tengligi va ularga nisbatan kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi normalar 1948 yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida va 1966 yildagi ikkala Paktda ham mustahkamlangan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 2-moddasida irqi, terisining rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulki, tuzilishi yoki boshqa maqomidan qat’i nazar, har kim ushbu deklaratsiya tomonidan e’lon qilingan barcha huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi kerakligi belgilangan.

So‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlar dunyosida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi, ko‘plab texnik yangiliklar paydo bo‘lmoqda va ularning bo‘sh vaqtlarida mustahkam o‘rin egalladi (shaxsiy kompyuter, internet, elektron o‘yinlar, mobil telefon va boshqalar). Ushbu yangiliklardan foydalanish ko‘pincha yoshlar uchun yangi xavflarni keltirib chiqaradi, bu holat, albatta, bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikda inobatga olinmog‘i zarur.

Germaniyada yoshlarni himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonun ommaviy axborot vositalariga tegishli taqiqlovchi qoidalarni ko‘rsatadi. Har bir yosh o‘z rivojlanishi va tarbiyasida davlat tomonidan yordam olish huquqiga ega bo‘lganligi sababli, ushbu qonun mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan qochish uchun ularning muayyan xizmatlar, sport va ko‘ngilochar takliflari bo‘yicha vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalarni mustahkamlaydi. Qonunda shuningdek, o‘z iqtisodiy manfaatlarini bolalar va o‘smirlar himoyasidan ustun qo‘ygan tadbir tashkilotchilariga hamda u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan sanksiyalar nazarda tutilgan. Qonun qoidalari ota-onalar, murabbiylar, o‘qituvchilar va boshqa pedagog xodimlarni yoshlar o‘rtasida ta’lim olish ishlarida qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Bolaning har qanday buzilgan yoki bahsli huquqi sudda himoya qilinishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 11-moddasida quyidagi qoidalar belgilangan: – oila huquqlarini himoya qilish sud tomonidan fuqarolik protsessual qoidalariga muvofiq va qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat organlari, shu jumladan, vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sud jarayoni voyaga yetmaganlarning qonuniy manfaatlariga taʼsir koʻrsatadigan oilaviy-huquqiy nizolar va ziddiyatlarni hal qilishning asosiy shakli boʻlib qolmoqda. Sud jarayoni ishtirokchilari voyaga yetmaganning oʻzi, uning qonuniy vakillari, prokuror, vasiylik organi, sud (umumiy yurisdiksiya sudi, Konstitutsiyaviy sud, Yevropa sudi) va baʼzi hollarda protsessual qonunchilik talablariga muvofiq boshqa subyektlardir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 68-moddasiga koʻra, oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola oʻz fikrini ifoda qilishga, shuningdek, har qanday sud muhokamasi yoki maʼmuriy muhokama davrida soʻzlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli boʻlgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qatʼi nazar, koʻrib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.

Bolaning huquqlariga doir masala sud tomonidan koʻrilganda, faqat oʻn yoshga toʻlgan bolaning roziligi bilan qaror qabul qilinishi mumkin. Bunday holatlarning roʻyxati qatʼiy va yopiq boʻlib, keng talqin qilinmaydi.

Nikohdan turli sabablarga koʻra ajrashgan fuqarolar, ayniqsa, otalar oʻz farzandlari bilan koʻrishish uchun sudga murojaat qiladi. Sud esa bola bilan odatda dam olish kunlari 1 yoki 2 soat uchrashish vaqtini belgilab beradi. Tabiiyki, bu jarayonlarda sud ijrochisi ishtirok etadi. Keyin esa ushbu sudning qarori qay darajada ijrosi taʼminlanishi noaniq. Bu esa bolaning ota-ona bilan koʻrishi huquqining maʼlum darajada buzilishiga olib kelishi mumkin.

Bola huquqlarining kafolatlarini belgilashda ularning otasi yoki onasi, shuningdek, qarindoshlari bilan koʻrishib turishini taʼminlashning huquqiy asoslarini kuchaytirish zarur. Bunda muloqotni kengaytirish, yaʼni agar ota-ona yoki boshqa qarindoshlar bola bilan koʻrishish va muloqot qilishni davom ettirishda qiyinchilikka duch kelsa, aloqa vaqtini uzaytirish yoki telefon qoʻngʻiroqlari, video qoʻngʻiroqlar yoki xatlar kabi qoʻshimcha kontaktlarni kiritish zarur.

Bahromjon TOPILDIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti  professori.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img