Oilaga ajratiladigan vaqtning narxi qancha?

14.08.2024 14:21
eye icon152
Oilaga ajratiladigan vaqtning narxi qancha?
Bir kishi og'ir o'tgan ish kunidan so'ng xorg'in va g'azablangan holatda uyiga qaytdi. Uni eshik oldida qarshilagan 5 yoshli o'g'li unga salom bergach "Dadajon, sizga bir savol bersam maylimi?" deb qoldi. Otasi bosh irg'agach, bolakay shunday dedi.
– Ishingizda soatiga qancha pul topasiz?
– Bu sening ishing emas, kattalarning ishi. O'zi nega buni so'rab qolding?
– Aytaqoling. Men shunchaki bilmoqchiman xolos.
– Shunchalik bilging kelayotgan bo'lsa, mayli. Aytganim bo'lsin. Soatiga o'rtacha 20 dollar topaman.

Otasining bu javobini eshitgan bolakay "o'xo'" dediyu, negadir boshini quyi soldi. So'ngra, "Dada, menga 10 dollar berib turing", dedi. Buni eshitgan otasi esa g'azablandi.
 – Agar meni topayotgan pulimni so'rayotganingning yagona sababi qandaydir ahmoqona o'yinchoq olish uchun pul so'rash bo'lsa, yaxshisi hoziroq xonangga borib, uxla. Bilsang agar men shu pulni topish uchun qancha asablarimni yo'qotib, qattiq mehnat qilaman! – dedi ota jahl bilan.

Bolakay "Xo'p" dediyu, jimgina xonasiga borib, eshikni yopdi. Ota esa televizor qarshisiga o'tirar ekan, o'g'lining bu gaplarini o'ylab g'azablandi. Taxminan bir soatlar shu zaylda o'tirgach, farzandiga qattiqqo'llik qilganini tushunib, uning ko'nglini olish uchun o'g'lining xonasiga kirdi.

– Uxlamadingmi?
– Yo'q, dada. Hali uxlamadim.
– O'g'lim, bilasan, ishdan charchab kelaman. Asablarim toliqqan. Shuning uchun seni nohaq urushib berdim. Mana bu 10 dollarni ol. Axir men doim sen, butun oilamiz uchun ishlayman, – dedi ota. Bundan g'oyatda sevingan bolakay, "Rahmat, dadajon" deb qichqirdi. So'ngra pulni olib yostig'i tagidan yana qandaydir pulni oldi va hammasini qo'shib sanay boshladi. Buni ko'rgan otaning yana jahli chiqdi.
– Axir o'zingda ham yaxshigina pul bor ekan-ku! Nima, sen yolg'on gapirib, pul yig'moqchimisan?!
– Yo'q, unday emas, dada.
– Xo'sh, unda bu nima?
– Bu pullar sizga. Roppa-rosa 20 dollar. Menga 1 soat vaqtingizni soting. Ertaga ishdan 1 soat avval kelsangiz, kechki ovqatni siz bilan birga qilsam degandim...

Bu hikoya sizni ta'sirlantirgan bo'lsa, uni yaqinlaringizga ham o‘qib bering. Yoki... Bundan ham yaxshirog'i esa siz ham 20 dollarlik vaqtingizni yaqinlaringiz bilan baham ko'ring. Bu besh kunlik dunyoda siz yo'q bo'lsangiz ishxonadagi o'rningizga boshqa odam osongina topiladi. Ammo yaqinlaringiz hayotida sizning o'rningizni boshqa odam bosa olmaydi.

Xulosa qilib aytganda, vaqtingizni avvalo o'z oilangizga, yaqinlaringizga sarflang. Kelajagingiz, farzandlaringizning kelajagi uchun eng zarur jihat aslida sizning doimo ularning yonida bo'lishingizdir.

Ingliz tilidan Sherali SOLIYEV tarjimasi

Teglar

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img