Kitob o‘qigan bolaning «tili burro» bo‘ladi

11.08.2024 15:08
eye icon49
Kitob o‘qigan bolaning «tili burro» bo‘ladi
O‘qish va nutq: bolaga kitoblarga bo‘lgan muhabbatni qanday qilib singdirish kerak?

Raqamli texnologiyalar asrida kitobning roli o‘zgardi. Bizda xotirjam o‘tirish va bolamiz bilan shoshilmasdan o‘qish uchun tashvishlar ko‘payib, vaqtimiz esa tobora kamayib bormoqda. Bu paytda audio va video materiallar, podkastlar, o‘rgatuvchi o‘yinlar qo‘l kelmoqda, biroq bunday axborotlar biz uchun ham, bola uchun ham yagona manba bo‘lmasligi kerak.

Aynan kitoblar bolalarga rivojlanishga, ochiqko‘ngil, qiziquvchan bo‘lib, kelajakda muvaffaqiyat qozonishga yordam beradi. Shuning uchun har bir ota-onaning vazifasi bolaga o‘qishga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan iborat. Buni qanday amalga oshirish kerak, turli yoshdagi bolalar uchun qanday adabiyotlar qiziqligi haqida maqolada aytib o‘tamiz.

O‘qish bolalarning muloqot qobiliyatiga qanday ta’sir qiladi?

Bolalar onasining ularga ovoz chiqarib o‘qib berishlarini yaxshi ko‘radilar. Qiziqarli she’riy hikoyalarni tinglash davomida kichkintoyning ko‘zlari chaqnaydi va tabassum paydo bo‘ladi. U hali so‘zlarning ma’nosini anglamagan bo‘lsa-da, tovushlarni, intonatsiyani, so‘z o‘yinini eshitadi va ajratadi, nutq hamda his-tuyg‘ular dunyosi bilan tanishadi.

Bola iboralar va jumlalarning ma’nosini tushuna boshlaganda, kitoblar u uchun katta dunyo sari yo‘lboshchiga aylanadi. Ular quyidagilarda yordam beradi: Xavfsizlikni his etish. Bolaga kitob o‘qib beradigan ota-onaning yonida qulaylik, xotirjamlik va xavfsizlik hissi paydo bo‘ladi. Kichkina odamcha o‘zini muhim, kerakli va sevimli his qiladi. Bunday paytlarda kelajak hayot uchun tayanch va dunyoga asosiy ishonch shakllanadi.

Qo‘rquvlardan xalos bo‘lish.Ertaklarda yaxshilik har doim yomonlikni yengadi. Syujetning yechimigacha bo‘lgan jarayonda qahramon bilan birga bo‘lgan bola to‘siqlarni yengib, maqsadga erishadi. Qo‘rqmaslik, jasurlik va qat’iyatlilik natijasida hamma narsani amalga oshirish mumkinligini tushunadi. O‘qish jarayonidan so‘ng, bola hamma narsa qanday ishlashini tushunishi uchun ertak hikoyalari va haqiqiy hayot o‘rtasida bog‘liqlikni tushunishi foydali bo‘ladi.

Turli xil xatti-harakatlar modeli bilan tanishish. Bolalar adabiyotida turli xil fe’l-atvor xususiyatlari yaxshi ochib beriladi. Bola har bir qahramondan o‘zida "sinab ko‘rishi" mumkin bo‘lgan fazilatlarni topadi va u bunday rolda bo‘lishni yoqtiradimi yoki yo‘qmi, uning yomon va yaxshi harakatlari qanday oqibatlarga olib kelishini o‘ylaydi.

Kichkina odamchaning yoshi ulg‘aygan sayin, kitoblar uning muloqot qobiliyatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi: lug‘at boyligi ko‘payadi - o‘zbek tilida yaxshi va ko‘p o‘qiydigan bolalar tushunarli va savodli nutqqa egalar; tasavvuri va aqliy salohiyati rivojlanadi - kitob o‘qiydigan bolaga o‘z fikrlarini o‘zbek yoki boshqa tilda ifodalash har doim osonroq bo‘ladi; savodxonligi yaxshilanadi - og‘zaki va yozma nutqning sifati o‘sadi.

Asosiysi, bu ko‘nikmalarning barchasi o‘ziga ishonchni rivojlantirishga yordam beradi. Chiroyli nutq, yaxshi tasavvur, yuqori baholar bolaga tengdoshlari va kattalar orasida yanada ochiq bo‘lib, muloqot qilishiga yordam beradi.

Bolaga o‘qishga bo‘lgan muhabbatni uyg‘otish bo‘yicha psixologlarning maslahatlari

Butun dunyodagi psixologlar va pedagoglar oila bolalar uchun namuna ekanligini ta’kidlashdan to‘xtamaydilar, shuning uchun:

O‘zingiz kitoblarni tez-tez qo‘lingizga oling, bo‘sh vaqtingizda o‘qing, turli mualliflarning asarlarini muhokama qilish oqshomlarini tashkil qiling.
Bayramlarda bir-biringizga kitoblar hadya qiling. Uyda kutubxona yarating.
Farzandingiz bilan adabiyot sotib oling. Unga qiziqqan narsani o‘zi tanlashiga qo‘yib bering.

Farzandingiz bilan o‘qiganlarini muhokama qiling. Agar bola istamasa, uni o‘qishga majburlamang, balki o‘qish bilan bog‘liq kvestlar va o‘yinlarni o‘ylab toping, masalan, sevimli ertaklari asosida. Shunda ishtiyoq yo‘qolmaydi.

Muvaffaqiyati va yaxshi xulq-atvori uchun kitob o‘qib berish bilan mukofotlang. 

Sevimli ertaklari multfilmlar va gadjetlar kabi bonus bo‘lsin.

2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar kitoblarini tanlash bo‘yicha tavsiyalar Farzandingiz uchun kitob tanlashda uning yoshi va qiziqishlariga e’tibor bering. Har doim foyda haqida o‘ylang: "Undan nima yangilik o‘rganadi? Syujet unga qanday ta’sir qiladi?".

Agar farzandingiz maktabgacha yoshdagi bola bo‘lsa, unga hayvonlar, tabiat yoki kosmos haqidagi kitoblar albatta yoqadi. Maktab o‘quvchilari ixtirolar, tajribalar, sayohatlar va sarguzashtlar haqidagi adabiyotlarga qiziqishadi. Quyida bolalar uchun qaysi kitoblarni yoshiga qarab tanlash kerakligi haqida bir nechta aniq tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun

Bir yoshdan boshlab bolalar ertaklarning oddiy syujetini yorqin rasmlar orqali idrok eta oladilar. Uch yoshga yaqin, bola kichik she’rlarni eslab qolishi mumkin.
Kichkintoylar uchun sahifalari qalin, rasmlari yorqin va qo‘shimcha elementlari bo‘lgan kitoblarni tanlang: yopishtirgach, magnitlar, darchalar va musiqa. Kutubxonangizda "Bo‘g‘irsoq", "Ur to‘qmoq", "Zumrad va Qimmat" va boshqa ertaklar bo‘lsin.

4-5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun

Ushbu davrda bolaning rivojlanishida katta sakrash ro‘y beradi. Yanada murakkab syujetli adabiyotlarni qo‘rqmay tanlang, biroq illyustratsiyalar hali ham ustuvorlikni saqlab qolishini unutmang. Bu bolalarning "Nimaga?" kabi savollariga osongina javob topish uchun uzun ertaklar yoki turli xil ensiklopediyalar bo‘lishi mumkin.

5 yoshdan katta bolalar uchun

Bu davrga kelib siz sarguzasht adabiyoti bilan tanishtirishni boshlashingiz mumkin. Bola allaqachon voqealarini osongina tahlil qiladi va syujetni mustaqil ravishda aytib berishi mumkin. Unga quyidagi kitoblar mos keladi: "Zumrad shahrining sehrgari", "Bilmasvoy", "Oltin baliqcha", "Sholg‘om".

Mavzu yakunida kitob bilan ilk tanishuv va bolalarga o‘qishni o‘rgatish o‘yin tarzida amalga oshirilishi kerakligini qo‘shimcha qilmoqchimiz. Ota-onalarning vazifasi nafaqat bolaga kitoblar dunyosini ko‘rsatish, balki uni o‘qish istagi paydo bo‘lishi uchun qiziqtirishdan iborat. Bu oson emas. Sizga pedagogik mahorat, kuch va sabr-toqat kerak bo‘ladi. Eng muhimi, doimiy ravishda yetishmaydigan resurs - vaqt ajratish muhim ahamiyatga ega.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img