Bog‘chani kim o‘ylab topgan?

08.08.2024 14:52
eye icon126
Bog‘chani kim o‘ylab topgan?
Bugun bolalar yaxshi ko‘rgan, har kuni ertalab bag‘riga oshiqadigan bog‘chalar tarixi haqida gaplashamiz. Dunyodagi ilk bog‘chalar qachon, qayerda ochilgani, ularning faoliyati haqida batafsil ma’lumot to‘pladik!

Kichkintoylar uchun ilk maktabgacha ta’lim muassasalari dastlab XVIII asrda Fransiyada, XIX asr boshlarida esa Angliya va Italiyada ochilgan. Ammo ular maktab yoshidagi bolalar ta’lim olishi uchun o‘ta zerikarli, noqulay, ma’lum vaqt davomida kichkintoylarni to‘rt devor orasida ushlab turishgagina xizmat qilgan. Bu yerda kichkintoylar uchun o‘ta murakkab bo‘lgan diniy ta’limga, alifbo o‘rgatish va kundalik ro‘zg‘or yumushlariga asosiy e’tibor qaratilib, o‘yinlarga kam vaqt ajratilgan yoki umuman vaqt qoldirilmagan.

Tarixda ilk marta angliyalik ijtimoiy islohotchi Robert Ouen yosh bolalar uchun maktab ochish g‘oyasini ilgari surgan. U 1816-yilda ochgan maktabda bolalarning qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sog‘lom muhitni ta’minlashni maqsad qilgandi.

Nemis pedagogi Fridrix Frebel esa 1841-yilda birinchi bolalar bog‘chasiga asos solib, qo‘llanma ishlab chiqdi. Frebel bu maktab bolajonlarning turli-tuman rivojlantiruvchi o‘yinlar orqali kamolotga erishishlari va tashqi dunyoni o‘rganishlari uchun zarur joy bo‘ladi, deya niyat qilgan. Fridrix Frebel bu vazifani qisman uddasidan chiqdi...

Maktabgacha ta’limning muhimligini ta’kidlagan mashhur olimlardan yana biri shifokor Mariya Montessoridir. U 1907-yilda Italiyada birinchi bolalar bog‘chasini ochgan. Montessorining ta’kidlashicha, bolalarni o‘qitish qat’iy tartib-intizom qoidalari bilan amalga oshirilmaydi, balki ularga nimani va qachon o‘rgatishni bolalarning o‘zlari hal qilishlariga ruxsat berish kerak.

AQSHda bolalar bog‘chalari ilk marta oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlar tomonidan bolalar rivojlanishi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan. 1930-yildagi iqtisodiy tushkunlik davrida federal hukumatlar ishsiz o‘qituvchilarga qo‘shimcha ish o‘rni yaratish maqsadida bolalar bog‘chalari ochishgan.

Umuman olganda, har bir mamlakat o‘zining maktabgacha ta’lim dasturidan foydalanadi. Ba’zi dasturlar o‘ziga xosligi va ijodkorligi bilan boshqalardan ajralib turadi va ko‘p mamlakatlarda qo‘llanilishi mumkin. Maktabgacha ta’limning asosiy dasturlari quyidagilardan iborat: "Reggio Emilia" ta’lim yondashuvi, Montessori ta’limi, O‘rmon maktabi, Oliy Scope, Waldorf ta’limi va hokazo.

O‘zbekistonda odatdagi bolalar bog‘chasi 3-7 yoshli bolalarga mo‘ljallangan. Shuningdek, 2 oylikdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanadigan xususiy bog‘chalar ham bor.
Bolalar bog‘chasi hokimiyatning ijroiya organlari tomonidan tuman, shahar, muassasa, korxona, xo‘jalikda tashkil etiladi. Bolalar bog‘chasi qaysi tashkilot qaramog‘ida bo‘lishidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi uning faoliyatiga ilmiy pedagogik jihatdan yo‘nalish beradi. 

O‘zbekistondagi bog‘chalarda bolalarga chet tillari, xoreografiya, tasviriy va musiqiy san’at, kompyuter savodxonligi asoslarini o‘rgatuvchi guruhlar tashkil etilgan.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img