Oʻquvchilar uchun yozgi dam olish mavsumi oʻz yakuniga yetib bormoqda. Yangi oʻquv yili boshlanish arafasida. Maktabga tayyorgarlik esa, eng avvalo oʻquv qurollari va maktab formalarini xarid qilishdan boshlanadi.
2018-yil Hukumat tomonidan yagona maktab formalari namunalari tasdiqlagan edi. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar uni ixtiyoriy tartibda kiyishga haqli ekani belgilab qoʻyilgan. Maktab formalari majburiy boʻladigan sana 2019/2020 oʻquv yilidan 2024/2025 oʻquv yiliga – 5 yilga kechiktirildi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qaroriga tegishli tuzatishlar kiritildi. Yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi.
Mazkur hujjatga asosan, yangi oʻquv yilida maktab formalari majburiy joriy etiladimi? Mazkur savol yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Azamat Kamolov quyidagilarni maʼlum qildi.
– Har yili har bir maktab tomonidan oʻz nizomi boʻyicha belgilangan forma tanlab olinadi, – deydi Azamat Kamolov. – Hozirga qadar oʻquvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qoʻyilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi. Ammo oʻquvchilar uchun “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odab-axloq qoidalari”ga muvofiq, oʻquvchilarning taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi.
Aslida maktab formasi boshqa har qanday forma singari intizomga chorlaydi, hamjihatlikka olib keladi, oʻquvchilarda jamoatchilik tuygʻusi, umumiy maqsadlar sari olgʻa intilishga oʻrgatadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlil natijalariga koʻra, yagona maktab formasi maktab oʻquvchilari (ularning ota-onalari) oʻrtasida kiyinish boʻyicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi.
Albatta, maktab formasini joriy etishning maqsadi oʻquvchilarning bilimli, odob-axloqli, sogʻlom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs boʻlib yetishishiga koʻmaklashish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.
Bu borada xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlansa, dunyoning koʻplab davlatlarida, jumladan Buyuk Britaniya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya, Hindiston, Qozogʻiston va Tojikistonda maktab oʻquvchilari uchun yagona namunadagi formalar joriy etilganiga guvoh boʻlish mumkin.
AQSH va Kanadada yagona maktab formasi deyarli barcha xususiy maktablarda tashkil etilgan. Davlat maktablarida yagona maktab formasi tasdiqlanmagan boʻlsada, kiyinish qoidalari (dress code) tasdiqlangan.
Yaponiyada ham oʻrta va yuqori maktab oʻquvchilari uchun yagona maktab formasi majburiy hisoblanadi. Har bir maktabda oʻzining yagona formasi mavjud. Biroq, odatda oʻrta maktabdan boshlab oʻgʻil bolalar harbiycha uslubda, qiz bolalar esa dengizchi uslubida kiyinishadi.
MDH davlatlari ichida Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qozogʻiston davlatlarida yagona maktab formasi mavjud. Xususan, Rossiyada oʻquvchilar uchun yagona maktab formasini joriy etish masalasi qonun bilan tartibga solingan.
“Mazkur ishlar oʻqituvchilarning dars davomida diqqatini oʻquvchilar oʻrtasida toʻgʻri taqsimlanishi, shuningdek oʻquvchilarning oʻzlashtirishi va salohiyati oshishiga olib kelgan”, – deb yozmoqda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi.