Qashqadaryoda ayol eri bilan birgalikda dugonasining 1 yoshli bolasini urib oʻldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 21-iyul kuni soat 12:00 larda 2023-yilda tugʻilgan qizaloq kasalxonaga oʻlik holda olib kelingan. Aniqlanishicha, marhumaning onasi, 1988-yilda tugʻilgan A.N. 2024-yil aprel oyida Rossiyaga ishlashga ketish uchun qiziga enaga yollagan.
Rossiyaga ketganidan keyin shu yil may oyida dugonasi, 1983-yilda tugʻilgan ayol qoʻngʻiroq qilib, yollagan enaga uning farzandiga yaxshi qaramaganligi sababli bolasiga oʻzi qarab turishini aytgan. Shundan soʻng dugonasi marhumani oʻzining uyiga olib kelgan. 20-iyul soat 11:30 larda birga yashovchi turmush oʻrtogʻi, 2001-yilda tugʻilgan erkak qaramogʻida boʻlgan marhuma tanasini turli qismlariga urib, jarohat yetkazganligi aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, 20-iyul kuni qizaloq tushlik vaqtida kiyimiga xojatini chiqargani sababli erkak (2001-yilda tugʻilgan) qoʻlining mushti bilan uning koʻkrak qafasi va qorniga bir necha marotaba urib, uni qasddan oʻldirgan. Oʻzining jinoiy qilmishini yashirish maqsadida goʻyoki kolyaskadan yiqilib tushgani haqidagi vaj bilan shifoxonaga olib borgan. Erkak ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan 22-iyul kuni OʻzR JKning 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.