Kuni kecha bo'lib o'tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A. Xudayarovning “Mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar orasidagi kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasidagi istiqbol rejalar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Unga ko'ra, Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarining amaliyotga joriy etilgani, shuningdek onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 26 foizga kamaygan.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari va poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etilgan. Shuningdek, barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 20 ming bolalar hamishirasi hamda patronaj-doya lavozimi joriy etilgan. Tuman, (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida “bolalar bo‘limlari”, “qizlar salomatligi” bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning dastlabki olti oyida 1 962 ta kardioxirurgik, 460 endoskopik, 583 ta neyroxirurgik yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 2985 nafar bolalarda nogironlikning oldi olingan. Bundan tashqari, 200,2 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar audioskriningdan o‘tkazilib, 267 nafar bolaga koxlear implantat o‘rnatilgan va eshitish qobiliyati tiklangan.