Ilmga muhtoj O‘zbekiston ilmsizlikka yuz tutmoqda...

31.07.2024 14:47
eye icon288
Ilmga muhtoj O‘zbekiston ilmsizlikka yuz tutmoqda...
Podkastlarda, intervyularda va jamoatchilik faollarining chiqishlarida mamlakatimiz iqtisodiyoti, xalqaro maydondagi oʻrni yaxshilanishi, jamiyat rivojlanishi uchun birgina yoʻl borligi va u ham boʻlsa taʼlim ekanligi qayta-qayta yangramoqda. Rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish uchun yoshlarning sifatli taʼlim olishi muhim ekanligi taʼkidlanadi. Bu juda toʻgʻri yondashuv. Darhaqiqat, mamlakatni yuksaltirish uchun yoshlarni oʻqitish, salohiyatli kadrlarni yetishtirish, ilm egalariga munosabat va eʼtiborni kuchaytirish lozim.

Lekin Oʻzbekistondagi ayrim koʻrsatkichlar va holatlar bu borada oldinga emas, ortga qarab ketayotganimizni ifodalab berayotgandek taassurot uygʻotmoqda. Xususan, yaqindagina oʻtkazilgan oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida abituriyentlarning qariyb yarmi minimal ballni ham toʻplay olmagani koʻplab muhokama va tanqidlarga sabab boʻldi.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarida qatnashgan 345 869 nafar abituriyent minimal 56,7 ballni ham toʻplay olmagan. Bu jami abituriyentlarnning 46,9 foizi hisoblanadi.

“Qiziq, bu maktabdagi taʼlim sifati bilan bogʻliq muammomi yoki taʼlimdan va real hayotdan umuman ajralgan testlardami muammo?! Menimcha, ikkala variant ham jamiyat uchun fojia”, – deydi ushbu holatga oʻz munosabatini bildirgan tilshunos Azamat Akbar.

Boshqa bir jamoatchilik faoli, huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev esa oʻtgan yilgi holat bilan solishtirganda ahvol nisbatan yaxshilanganiga eʼtibor qaratgan. 

“Umuman olganda yildan yilga yaxshi tomonga oʻzgarish bor. Oʻtgan yili 49,4% foiz, aniqrogʻi 439 ming abituriyent 56,7 ball ham toʻplay olmagandi, joriy yilda bu koʻrsatkich 2.5% ga yaxshilandi. 56,7 ball — bu toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori 189 balning 30 foizi degani. Yaʼni abituriyent hech boʻlmasa 30% bilimga ega boʻlsa, ushbu koʻrsatkichni toʻplay oladi. 30% bilim esa reyting tizimidan qiyos olsak, hatto 2 baho ham emas! 1 baho desak toʻgʻri boʻlar balki”, – deydi X. Xudoyberdiyev.

Bu borada holat yaxshilanib borayotganini ham eʼtirof etish lozim. Kichik boʻlsa ham oʻzgarish borligini raqamlar koʻrsatib turibdi. Ammo toʻplash mumkin boʻlgan ballning 30 emas 50 yoki 90 foizini toʻplay olgan abituriyentlar soniga murojaat qilinsa, vaziyat yanada oydinlashadi. Yaʼni 30 foizdan koʻp ball oldi degani bu oʻsha abituriyentning bilimi yuqori darajada degani emas. Haqiqatda bilimli, yurt kelajagi uchun zarur kadr boʻla oladigan abituriyent oʻrtacha 80 foiz va undan yuqori natija koʻrsatishi kerak. Bundaylarning soni qancha deb oʻylaysiz. Umumiy abituriyentlar sonining 10 foiziga toʻgʻri kelarmikan?

Boshqa tomondan testlarda abituriyentning darajasiga mos boʻlmagan, murakkab savollar tuzilayotgani ham aslida bu imtihon bolaning bilim darajasini toʻliq namoyon eta olishiga toʻsqinlik qilayotganini anglatadi. Bunday test tuzishdan maqsad abituriyentning bilimini sinovdan oʻtkazishmi yoki uning ishtiyoqini oʻldirish, qiynash va yiqitishmi?

Bu kabi savollar, mantiqsiz va tushunarsiz holatlarni yetarlicha davom ettirish mumkin. Ammo bir narsa aniq – hozirgi darajamiz bilan yaqin 10 yillar ichida dunyoni ilm bilan zabt etishimiz ushalmas orzudan boshqasi emas.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img