Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar binosida UNICEF bolalar tashkilotining Oʻzbekistondagi vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Anjumanni ochib bergan Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Elmira Basitxanova ona suti bilan oziqlantirish nafaqat fiziologik zarurat, balki bolaning immuniteti va kognitiv qobiliyatiga taʼsir qiluvchi erta rivojlanishning asosiy elementlaridan biri ekanini takʼidladi.
“Ona suti — goʻdaklar uchun hayotining ilk davridagi eng ideal ozuqa, Ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlash orqali biz har bir ona oʻz farzandining sogʻligʻi uchun ongli qarorlar qabul qilishi uchun zarur yordam va maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan sogʻlom jamiyatni yaratishga xissamizni qoʻshgan boʻlamiz”, – dedi vazir oʻrinbosari.
JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi sogʻliqni saqlash xodimi Nazokat Kasimova esa bugungi kunda ayollar karyera va oila tanlovini oʻrtaga qoʻymasligi muhim ekanini qayd etdi.
”Ayollar oila yoki karyera oʻrtasida tanlov qilmasdan oʻz farzandlariga gʻamxoʻrlik qilishlari uchun zarur boʻlgan yordamga ega boʻlishlari kerak. Onalarga hurmat va gʻamxoʻrlik bilan munosabatda boʻladigan malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash va bolalar ozuqasining ekspluatatsiya qiluvchi reklamasiga chek qoʻyish bilan biz barcha bolalar salomatligini taʼminlay olamiz. Hamkorlarimiz bilan birgalikda biz koʻkrak suti bilan boqishni qoʻllab-quvvatlash va targʻib qilish, barcha uchun sogʻlom kelajak yaratish tarafdorimiz”, — dedi JSSTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi sogʻliqni saqlash xodimi Nazokat Kasimova.
YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Joffri Ijumba ayollarning koʻkrak suti bilan oziqlantirish bu ularning farzandlari, oʻzlari va butun jamiyat uchun afzal boʻlishiga eʼtibor qaratdi.
“Ona suti bilan oziqlantirishni doimiy qoʻllab-quvvatlashda hamda bu boradagi siyosat va dasturlarni yanada yaxshilash uchun monitoring tizimini takomillashtirishda Sogʻliqni saqlash vazirligini qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz”, – dedi UNICEF vakili.
Anjuman davomida Oʻzbekistonda ona suti bilan oziqlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qonun ona suti oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni sotishga cheklovlar qoʻyishi eslatib oʻtildi. Chaqaloqni oziqlantirishda sunʼiy arashmalarga oʻtish bola oʻsishining sekinlashishiga va uning organizmida mikroelementlar yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, sanitariya-gigiyena sharoitlari va toza ichimlik suvi boʻlmagan joylarda, ona suti oʻrnini bosuvchi maxsulotlar, bolaning hayoti uchun xavfli boʻlishi mumkin.