Bolalarolami.uz veb-sayti ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlanayotgan “Maktabgacha taʼlim tashkilotida bir kun” loyihasining navbatdagi soni Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi 204-sonli Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga bagʻishlanadi. Ushbu tashkilot 1989-yilda oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, 2019-2022-yillar davomida toʻliq rekonstruksiya qilindi. Amalga oshirilgan bu yangilanishlar maktabgacha taʼlim tashkilotini zamonaviy va yuqori sifatli taʼlim muassasasiga aylantirdi.
204-sonli Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻzining o‘ziga xos pedagogik yondashuvlari, innovatsion taʼlim uslublari va farzandlaringiz uchun yaratgan qulay hamda xavfsiz muhit bilan ajralib turadi. Bu yerda bolalar nafaqat bilim oladi, balki ularning jismoniy va ruhiy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Bundan tashqari, bolalar tabiat qo‘ynida sayr qilish, yerlarni asrab-avaylash, ularni sug‘orish va parvarish qilish bo‘yicha ham ko‘plab bilim va ko‘nikmalarni o‘rganmoqdalar. Bu orqali ular tabiatni sevish va ekologik madaniyatni shakllantirib borishmoqda. Shuningdek, tashkil etilayotgan tabiat sayrlari bolalarga tabiat bilan yanada yaqinroq tanishish imkoniyatini beradi va ularga atrof-muhitni muhofaza qilish masʼuliyatini singdiradi.
Yozgi sogʻlomlashtirish tadbirlari samarali oʻtishi maktabgacha taʼlim tashkilotlarining mavsumga oʻz vaqtida va puxta tayyorgarlik koʻrishiga bogʻliqdir. Reja asosida tashkil etilgan chiniqtirish, sogʻlomlashtirish, koʻngilochar tadbirlar bolalarning jismoniy va psixik rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun yurtimizda maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oʻquv va tarbiya jarayoniga xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan oʻquv reja, dastur va metodik majmualar hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalar joriy qilinmoqda. Tarbiyalanuvchilarni umuminsoniy qadriyatlar, yuksak maʼnaviyat, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga mustaqillik gʻoyalarini chuqur singdirish hamda yot gʻoyalarga qarshi immunitetini shakllantirish tizimida samarali faoliyat olib borayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari bisyor.
Shu jumladan 204-sonli Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ham bolalarni keng qamrovli taʼlim dasturi asosida tarbiyalashga katta eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, tashkilotda matematika, hisoblash va mental arifmetika bo‘yicha chuqur bilim berishga alohida ahamiyat qaratiladi. Bu yondashuv bolalarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish, matematik tushunchalarni shakllantirish va hisoblash ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi.
Ushbu tashkilotda bolalar matematika va hisoblashning asosiy qoidalarini o‘rganishadi, bunda ularga interaktiv o‘yinlar va turli didaktik materiallar orqali taʼlim beriladi. Mental arifmetika darslari esa bolalarning aqliy hisoblash qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan. Ushbu darslar yordamida bolalar ko‘p sonli matematik amallarni tez va aniq bajarishni o‘rganishadi, bu esa ularning umumiy intellektual rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Ushbu Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida Axadova Shaxnoza Xabibullayevna rahbarligi ostida 38 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Shulardan oliy maʼlumotli pedagoglar soni 16 nafarni tashkil etmoqda va 8 nafar tugallanmagan oliy ma’lumotga ega hisoblanadi.
204-son Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkilotidagi 26 ta guruhda 710 nafar bolalar tarbiyalanmoqda. Yozgi sogʻlomlashtirish davrida tarbiyalanuvchilarni sogʻlomlashtirish hamda turli sport musobaqalari samarali yoʻlga qoʻyilgan tashkilotda bolajonlar mavsumni mazmunli oʻtkazmoqda.
Tashkilotida o‘tkazilgan kun bizni bolalarning taʼlim va tarbiyaga bo‘lgan ishtiyoqi, ularning matematika va mental arifmetika sohasidagi yutuqlari bilan yanada hayratga soldi. Ushbu tashkilotda bolalar nafaqat bilim oladi, balki ularning ijodiy va intellektual rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ko‘rdik.
Matematika va hisoblash darslari orqali bolalar mantiqiy fikrlash va analitik qobiliyatlarini oshirib, murakkab vazifalarni hal qilishga o‘rganishmoqda. Mental arifmetika darslari esa ularning aqliy hisoblash qobiliyatlarini rivojlantirib, tezkor va aniq hisob-kitob qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Tashkilotda yaratilgan innovatsion taʼlim muhiti bolalarning har tomonlama rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Bu yerda farzandlaringiz nafaqat bilim oladi, balki o‘z bilimlarini hayotda qo‘llashni ham o‘rganadi.
Mazkur maqolamiz orqali siz aziz ota-onalar 204-sonli Eksperimental davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti haqida yanada ko‘proq maʼlumotga ega bo‘ldingiz deb umid qilamiz. Farzandlaringizni zamonaviy va innovatsion taʼlim muhitida tarbiyalashni istasangiz, bu tashkilot siz uchun ajoyib tanlov bo‘lishi mumkin.
Dilmurod TILOVOV