Ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq bolalarni zaharlashi mumkin

30.07.2024 16:39
eye icon59
Ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq bolalarni zaharlashi mumkin
Ko‘chada antisanitar holatda sotilayotgan muzqaymoqlarda stafilokokk bakteriyasi bo‘lishi mumkin, deb xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.

Unga ko‘ra, muzqaymoq asosan sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Shu sababli doim sovuq haroratda saqlash talab etiladi.

Bolalarolami.uz muxbiri Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Ahborot xizmati rahbari Maftuna Saidova bilan bog‘lanib, holat haqida batafsil ma’lumot, yo‘l yoqasida sotilayotgan mahsulotlarning aynan bolalarga qanday salbiy ta’siri bor ekanligi to‘g‘risida ma’lumot oldi.

"Issiqlik ta’sirida muzqaymoq erisa, qaytadan muzlatib, iste’mol qilish mumkin emas. Chunki jarayon davomida muzqaymoqning tarkibi o‘zgarib, bakteriyalarni o‘ziga jalb qilish xususiyati ortadi.

Afsuski, bugun ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlari kuzatilmoqda.

Tabiiyki, muzqaymoq solingan idishlar muzlatgich imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli saqlab berolmasligi ham bor gap.

Bugungi kunda yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlar ko‘paydi. Oxirgi paytlarda ana shu mahsulotlardan iste’molchilarning zaharlanish holatlari yuzaga kelmoqda. Ko‘cha-ko‘yda sotilayotgan muzqaymoq solingan aksariyat idishlar bugungi kunda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Bunday plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas", – deydi Sanepidemqo‘mita Axborot xizmati rahbari.

Tahririyatning bugungi kungacha qancha bola mazkur turdagi muzqaymoq yoki yo‘l yoqasida sotilayotgan mahsulotlar oqibatida zaharlangani yoxud sog‘ligida muammo kuzatilgani haqidagi so‘roviga qo‘mita mas’uli quyidagicha javob berdi.

"2024 yilning o‘tgan davriga 18 ta ovqatdan zaharlanish holatlari qayd etilgan bo‘lib, bunda 143 nafar fuqarolar jabrlangan. Bizda umumiy ovqatdan zaxarlanish statistikasi yuritiladi va buning ichida yuqorida keltirilgan ko‘rinishda sotilayotgan muzqaymoqlardan zaharlanish holatlari ham bor", – Maftuna Saidova.

Qo‘mita rasmiy kanalida berilgan ma’lumotga ko‘ra, zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda. Mahsulotlardan nazorat tahlili olinganida ko‘chada sotilayotgan muzqaymoq tarkibida stalifilokokk bakteriyasi aniqlangan.

"Qayd etish joizki, ko‘p hollarda stafilokokk ikkilamchi infeksiyalarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Patogen stafilokokk tushgan sut va sut mahsulotlari: tort, muzqaymoq va boshqa oziq-ovqatlarni iste’mol qilganda kishi zaharlanishi mumkin.

Yo‘l-yo‘lakay sotilayotgan muzqaymoqlarning qachon va qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, tarkibi, saqlash muddati hamda sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘q. Shuningdek, bu mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanmagan va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani to‘g‘risida maxsus yuritiladigan daftari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari zarur.

Muzqaymoq asab va oshqozon-ichak faoliyatining bir maromda kechishida foydali, ammo bu mahsulotni tayyorlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish juda zaruriy omildir. Avvalo sut mahsulotining qayerdan olib kelingan, veterinariya ekspertizasidan o‘tib, ma’lumotnomaga ega bo‘lganmi, shuningdek, epidemiologik vaziyati yaxshi sigirlardan olinganmi, shularga diqqat qaratish darkor.

Muzqaymoqni tayyorlaganda, albatta, zarur texnologik jarayonlarga amal qilish, shaxsiy gigiyena qoidalarini qat’iy bajarish kerak. Agar ishchi-xodimlar yuqori nafas kasalliklari — tonzillit, gaymorit, stomatit bilan kasallangan bo‘lsa, bu ishchilarni vaqtinchalik ishdan ozod qilib, davolangandan keyin qabul qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘lida teri-kasalliklari va panarisiya bo‘lsa, bunday xodimlarni ham ishdan belgilangan tartibda chetlashtirish zarur. Shu bois har bir oziq-ovqat mahsulotini tayyorlaganda xodimlar sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishlari talab etiladi.

Xususan, tozalikni saqlash bo‘yicha ishchilar orasida tez-tez profilaktika tadbirlarini o‘tkazib turish zarur. Tozalik oshqozon-ichak kasalliklarining oldini olishda eng samarali va qulay usuldir, — deyiladi xabarda.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img