Yosh bolaning umriga zomin bo‘lgan haydovchi javobgarlikka tortilmadi

29.07.2024 13:33
eye icon192
Yosh bolaning umriga zomin bo‘lgan haydovchi javobgarlikka tortilmadi
Endigina 14 yoshga kirgan Ibrohimjon yolg‘iz onaning yagona o‘g‘il farzandi edi. Ona kelajagini faqat u bilan ko‘rardi. Ammo shafqatsiz taqdir uning kichkinagina jussasini Malibu’ning g‘ildiraklari ostida majaqlab tashladi. Onaning bor orzu-umidlari sarobga aylandi, umri mazmunini yo‘qotdi. Mashinani tegishli hujjatlarsiz boshqargan haydovchi ochiqda qolmoqda.

Bu haqda shunchaki oddiy xabar o‘laroq saytimiz sahifalarida e’lon qilishimiz mumkin edi. Ammo tahririyatga murojaat qilgan ayolning dardli nolasi masalaga biroz boshqa rakursdan qarash kerak, degan turtki berdi.

Umidlari chil-chil bo‘lgan ona 

Ayolning boshiga tushgan musibat har qanday odam bolasini qayg‘u va iztirobga solib qo‘yadi. Turmushi o‘xshamay o‘g‘li Ibrohimjon va ikki qizi bilan ota uyida qolgan ayol bor orzu-umidlarini o‘g‘lining kelajagiga bog‘ladi.

Ammo 16 iyun kuni sodir bo‘lgan mudhish hodisa unining orzu-umidlarini yo‘qqa chiqardi, umri o‘z mazmunini yo‘qotdi.

Endigina 14 yoshni qoralagan Ibrohimjonni velosipedida buvasining uyidan qaytayotgan Malibu urib yuboradi. Zarba kuchidan bola omon qolmaydi: sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida Ibrohimjonni “bosh miya ochiq jarohati, kalla gumbaz va asos suyaklari sinishi, bosh miya lat yeyishi va bosh miyaga qon quyilishi, tanadagi shilingan sharohatlar, posttravmatik shok, o‘pka va miya shishi”dan vafot etgani yozilgan.

Haydovchi avtomobilni hujjatlarsiz boshqargan, xozir u ochiqda

Hodisani sodir etgan haydovchi A.D. savdodagi sherigining davlat raqami 50 J 249 TA bo‘lgan Malibu’sini tegishli hujjatlarsiz boshqarib ketayotgan bo‘lgan.

Holat yuzasidan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Tergov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi, ya’ni odam o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati qoidalarini buzish bilan ayblangan A.D.ga “garov” ehtiyot chorasini qo‘llagan.

Haydovchi va uning mashina ichida bo‘lgan hamrohi “45-50 km/s tezlikda kelayotgani, bola velosipedni to‘satdan yo‘lning avtomobil qatnov qismiga burib yuborgan”ini aytgan.  

Ibrohimjonning onasi hodisa tergov hujjatlarida keltirilganidan boshqacha bo‘lganini aytmoqda.

“O‘sha kuni hodisa yuz bergan ondayoq o‘g‘lim 3-darajali og‘ir komaga tushib qolgan. Ko‘p qon yo‘qotdi, avariyadan 2 soat o‘tmay kasalxonada vafot etdi. U yo‘l chetida ketyotgan bo‘lgan, Malibu 130 km/s tezlikda harakatlanib kelgan. Oldidagi Damas’ni quvib o‘taman deb, velosipedda ketayotgan bolamni urib yuborgan”, deydi u.

Tergovchi ayblov xulosada yengillashtiruvchi holatlarni sanarkan, “haydovchining aybiga iqror bo‘lgani va keltirilgan zararni to‘liq qoplagani”ni yozadi. Ammo ayol “zarar qoplangani” haqidagi iddaoni to‘liq inkor etmoqda, u xatto bunday taklifni eshitishni ham istamasligini aytadi.

Shuningdek, yana bir e’tiborli jihati – tergovchiga ko‘ra, ishda “aybluvnchi A.D.ning aybini og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan”. Bu o‘rinda Chortoq tuman IIB TB tergovchisi N.Maxmudov Jinoyat kodeksining 56-moddasi birinchi qismi “b” bandi borligini bilmaydigan ko‘rinadi. Ayni ushbu moddaga ko‘ra, yosh bolaga nisbatan jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topiladi.

Sud boshlangan

Ish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida sud jarayonlari ketmoqda. Joriy yil 25 iyul kungi navbatdagi sud majlisida Kun.uz muxbiri ham ishtirok etdi. Sudya ochiq sud majlisini video va foto tasvirga olmaslik hamda audio yozib olmaslik talabini qo‘ydi.

Odam o‘limi bilan tugagan YTHlarda aybdorlar odatda qamaladi

Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odam o‘limiga sabab bo‘lish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga muayyan huquqdan mahrum qilib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi belgilangan.  

Kun.uz sud hujjatlari ochiq portalidan odam o‘limi bilan tugagan sud ishlariga oid turli hududlardan 50 ta sud hukmlarini tanlab olib, o‘rganib chiqdi. Tanlab olingan hukmlarning 48 tasida aybdorlarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilgan. O‘rganilgan hukmlarning 12 tasi yosh bolalarning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning barchasida aybdorlar ozodlikdan mahrum etilgan. 

Dilshod Abduqodirov
Kun.uz

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img