Farzand tarbiyalashning zamonaviy usullari

29.07.2024 09:56
eye icon159
Farzand tarbiyalashning zamonaviy usullari
Farzandlar, hayotning ziynati, chiroyi, kelajak egalaridir. Farzandlarimiz jamiyat rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan avlod bo‘lib yetishishlari uchun ular bilan muomalada va tarbiyasini to‘g‘ri olib borish yo‘lida haris bo‘lishimiz lozim.

Farzand tarbiyasida, unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishda ota-onadan katta kuch, ehtiyotkorlik talab etiladi. Farzand tarbiyasining ko‘plab zamonaviy usullari mavjud. Quyida ulardan bir nechtasini keltiramiz:

Bolani urmaslik

Bola shaxsiyati kichik yoshdanoq shakllanadi. Shunday ekan, uni kaltaklashdan, kishilar oldida qattiq tergashdan, xatoga yo‘l qo‘yganida darrov jazolashdan, eʼtiborsiz qoldirishdan, gaplashmaslik hamda tengdoshlari bilan o‘ynashga imkon bermaslikdan tiyilish lozim. Zero, bu uning shaxsiyatini zaiflashtiradi va ruhiyatiga salbiy taʼsir ko'rsatadi.

Jazolashning boshqa yengilroq turlari bor bo‘lib, xatoga yo‘l qo‘yganida ularni qo‘llash ham mumkin. Misol uchun: sevgan narsasidan mahrum qilish, unga qattiq nazar solish, vaqtincha u bilan gaplashmaslik yoki qulog‘idan cho‘zib qo‘yish kabilar.

Uyqudan oldin ertak aytish

Uxlashdan oldin har doim biror-bir foydali va maʼnoli hikoyani tanlab, bolangizga aytib bering. Farzandingizning atrofidagi muhitdan qo‘rqishiga olib keluvchi qo‘rqinchli hikoyalarni so‘zlab berishdan uzoq bo‘ling. Hikoyangizni bolangizning yoshi va fikrlash tarziga qarab tanlang. Ular suratli bo‘lgani afzal.

Shuningdek, unga payg‘ambarlar to‘g‘risida qissalar aytib berish, kichkintoyingizning eʼtiborini tortish uchun har qanday fikrni unga hikoya tarzida yetkazib berishingiz mumkin.

Bolani tozalikka o‘rgating

Bolangiz ikki yoshga to‘lganidan boshlab kuniga uch marta tishlarini yuvishga, tez-tez cho‘milishga, yordamingiz bilan to‘shagini tartibga solish, ovqatlanish va o‘ynashdan oldin va keyin qo‘llarini yuvishga, hojatxona odoblariga rioya qilishga o‘rgatib boring. Ayrim ishlarni sizning nazoratingiz ostida o‘zi bajarishiga qo‘yib bering, masalan, ovqatlanishni. Bunda unga taomni sinmaydigan idishga solib bering. Agar u ovqatni to‘kib yuborsa, uni urushmang. Vaqt o‘tishi bilan uning o‘ziga ishonchi ortib boradi va yordamingizga muhtoj bo‘lmay qo‘yadi. Aks holda esa uning o‘zi yeyishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirib qo‘yasiz.

Maslahatlar:

1. Bolalar oldida tortishmang. Ota-onalar farzandlari oldida o‘zaro janjallashganlarida, bolada xavfsizlik hissi yo‘qoladi, shuning uchun bola ota-onasidan nafratlana boshlaydi.

2. Bolalar oldida yolg‘on gapirmaslik. Farzandlar ota-onalarining xatti-harakatlariga, feʼl-atvoriga taqlid qilishni yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun o‘z xatti-harakatlarimizga eʼtiborli bo‘lishimiz, jumladan, bolaning oldida yolg‘on gapirish, g‘azablanish, baland ovozda tortishish, kaltaklash, chekish kabi ishlar mutlaqo mumkin emas.

3. Yaxshi ko‘rishingizni ko‘rsating. Farzandingiz atrofidagi kishilarning mehr-muhabbatini his qilishi kerak, uni qattiq yaxshi ko‘rishingizni va har doim yordamga tayyor ekanligingizni bildiring. O‘ziga nisbatan ishonchi kuchayishi uchun uyquga ketishidan avval uni quchoqlang, ichki kechinmalarini siz bilan o‘rtoqlashishga chorlang.

4. Boshqalarni hurmat qiling. Bolangizga atrofidagi odamlarni, do‘stlarini hurmat qilishni o‘rgating. U biror yaxshi ish qilsa, rag‘batlantiring va unga kichik sovg‘a taqdim eting. Unga boshqalar bilan hamkorlik qilishni o‘rgatish uchun siz bilan birgalikda biror shirinlik tayyorlashga va o‘z do‘stlarini u bilan mehmon qilishga imkon bering.

Arab tilidan Nilufar Ahmadjonova tarjimasi

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img