Andijon viloyatida sel oqibatida topilgan qiz jasadi Qirg‘izistondan oqib kelgan
Andijon viloyati Jalaquduq va Xo‘jaobod tumanlarida sel oqibatida topilgan bir qizning jasadi qo‘shni Qirg‘izistondan oqib kelgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 5-6 yoshdagi qizning jasadi topilgan, biroq dastlabki tekshiruvlarda hududda farzandini yo‘qotgan oila aniqlanmagan.
"Hududiy tekshiruvlar davomida bu yoshdagi farzandini yo‘qotgan oila topilmadi. Ushbu shaxs boshqa hududdan, ehtimol toshqin ro‘y bergan qo‘shni hududdan oqib kelgan bo‘lishi mumkin", deyiladi xabarda.
Keyinchalik, hokimlik matbuot xizmati jasadning Qirg‘izistondan, O‘sh shahridan kelganligini tasdiqladi.
"Xo‘jaobod tumanidagi Shahrixonsoydan topilgan taxminan 5-6 yoshli qizaloq O‘sh shahridagi oiladan ekanligi fotosurat orqali tasdiqlandi. Oila vakili qizaloqni tanib, Xo‘jaobod tumaniga yo‘lga chiqqan", deya qo‘shimcha qilindi.
Mazkur oilaga yordam ko‘rsatish choralari hokimlik va tegishli organlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024-yil 14-iyul kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida jala yomg‘irlar yog‘ishi oqibatida Andijon viloyatida kuchli sel yuzaga kelgan. Xo‘jaobod tumanidagi Yorqishloq qishlog‘ida sel oqibatida bitta ko‘prik suv bilan oqib ketgan, yana bir piyodalar ko‘prigi qulab vayron bo‘lgan.
Shu bilan birga, Qirg‘izistondagi ijtimoiy tarmoqlarda 1980-yilda tug‘ilgan ayol va uning uch qizaloqlari bilan oqib ketgani haqida xabar tarqalgan.