Salih uchun adolat

14.07.2024 11:14
eye icon466
Salih uchun adolat

Ijtimoiy tarmoqlarda #Salihuchunadolat heshtegi ostida ko‘plab postlar joylanmoqda. Tarmoq foydalanuvchilarini bunga undagan hodisa yuzasidan ko‘plab norozilik yangramoqda va adolatni talab qilayotgan fikrlar ko'paymoqda.

Mazkur fojiali hodisa 9-iyul kuni Yashnobod tumanidagi Yakkatol ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyda yuz berdi. Ushbu uyda ijara asosida yashab kelayotgan, 1993-yilda tug‘ilgan erkak u bilan qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashayotgan ayol bilan janjallashib qoladi. Oqibatda erkak ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan, 2021-yilda tug‘ilgan o‘g‘liga pichoq bilan bir necha bor tan jarohati yetkazgan. Bola esa shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan va bu haqda avvalroq batafsil xabar bergan edik.

Bu mudhish voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab jamoatchilik vakillari ushbu vahshiylikni qoralab, adolat talab qilmoqda. Hodisaga aloqador turli fikrlar, tanqidlar bildirildi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov ham o‘z fikrini bildirar ekan, o‘lim jazosini tiklash kerakligini aytdi.

“Bundaylardan jamiyatni tozalash kerak! Bolalar va begunoh aholi qirg‘iniga yuzsizlarcha ko‘z yumib, dunyoga insonparvarlikdan dars berayotganlarning insonqarashiga moslashishga majburmizmi? Bu maxluqlar nafaqat bugun, balki kelajakdagi pro-maxluqlarga namuna-ustoz bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik kerak”, deb yozdi Qodirov.

Bu voqea nafaqat shaxsiy fojia, balki jamiyatimizdagi dolzarb muammolarni ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kuchsiz va himoyasiz murg‘ak bolalarning jabrlanishi jamiyatimizda e'tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim masalalardan biridir. Bolalar va begunoh aholi huquqlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta'minlash har birimizning burchimizdir. Ammo afsuski, bugungi kunda bolalar ko‘pincha e'tibordan chetda qolmoqda va zo‘ravonlikning qurboniga aylanmoqda.

Bu voqea shaxsan mening yuragimni larzaga soldi. Har bir bolaning xavfsizligi va huquqlari himoya qilinishi shart. Jamiyatda bolalarimizning himoyasi va xavfsizligini ta'minlashda barcha fuqarolar va davlat organlari birlashib harakat qilishi kerak. Bizning vazifamiz – bolalarimizga yorqin va xavfsiz kelajak yaratish. Ushbu mudhish hodisa jamiyatimizda insonparvarlik, mehr-oqibat va adolatni kengaytirish uchun yanada katta kuch sarflashimiz zarurligini ko‘rsatdi. Zo‘ravonlikka toqat qilib bo‘lmaydi va har bir bolani himoya qilish bizning burchimizdir.

Dilmurod TILOVOV


Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img