9 oylik chaqaloqqa 4 soatda 6 ta uxlatadigan ukol qilishgan

24.06.2024 08:30
eye icon265
9 oylik chaqaloqqa 4 soatda 6 ta uxlatadigan ukol qilishgan
Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan 4-bolalar klinik shifoxonasida bemorlarga yaxshi qaralmayotgani aytilmoqda. “Bolamning isitmasini tushirish uchun reanimatsiya boʻlimiga olib kirishdi, lekin u yerda biror tekshiradigan apparatni koʻrmadik, issiqdan xonalarda oʻtirishning iloji boʻlmayapti, bino oʻta abgor ahvolga kelib qolgan”, deydi Kun.uz suhbatlashgan onalar.

Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahri Shayxontohur tumani Bogʻkoʻcha dahasida joylashgan shahar 4-bolalar klinik shifoxonasida davolanayotgan bolalarning onalaridan murojaat kelib tushdi. Unda shifoxonaga olib borilgan bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam yomonligi, kasalxonada davolanish uchun yetarli sharoit yoʻqligi aytilgan.

19-iyun kuni 6 oylik chaqalogʻini shifoxonaga olib kelgan Madina Usmonova reanimatsiya boʻlimida bolasining issigʻini tushira olishmayotganidan shikoyat qildi. Uning aytishicha, chaqalogʻiga bronxopnevmoniya tashxisi qoʻyilgan, bolasi 10 kun oldin isitmalashni boshlagan. Bu yerda kelishdan oldin xususiy klinikada davolangan. Isitmasi tushavermagach, shahar 4-bolalar klinik shifoxonasiga olib kelgan.

“Olib kelganda farzandimning isitmasi 38,5-39 daraja edi. Shifoxona qabulxonasiga kirganimning oʻzidayoq yotaymi-yotmaymi deb ikkilandim. Juda abgor holatda edi. Bizning tumanga qaragani uchun shu yerga kelishga majbur boʻldim. Farzandim reanimatsiyada yotibdi, birorta zamonaviy texnika yoʻq, chaqaloqlar oʻtgan asrda qolib ketgan temir krovatlarda yotishibdi. Sematika boʻlimida 3 kun yotgan boʻlsam ham bolamning issigʻi tushmadi”, – deydi ayol.

Jahona Mirvohidova ham farzandini 19-iyun kuni shu shifoxonaga olib kelgan. Uning chaqalogʻi 9 oylik boʻlib, unga pnevmoniya tashxisi qoʻyilgan.

“Kelgan kunim jonlantirish boʻlimiga olib kirishdi. 4 soat ichida isitmasini tushirish uchun qatorasiga 6 ta analgin qilishdi, lekin issigʻi tushmadi. Bosh shifokor biror marta kelgani yoʻq. Endi 5-sonli shahar shifoxonasiga yoʻllanma yozib berishlarini kutyapmiz, bolamni oʻsha yerga olib bormoqchiman”, – deydi u.

Farzandini 20-iyun kuni shifoxonaga olib kelgan Munisa Husanova ham yuqoridagi ayollarning gaplarini takrorladi. U ham bolasini oldin xususiy shifoxonada davolatgan. 4-shahar bolalar klinikasiga esa issigʻi tushmagani sabab olib kelgan.

“Bolamni 40 daraja isitma bilan olib kelgandim. Tomogʻidan beryapti deyishdi. Reanimatsiyaga olib kirib ketib, ertalab isitmasi tushdi, 37,4 deb qaytarib berishdi. Lekin termometrda oʻlchasam 38,5 ekan. Nega bunaqa boʻldi deb soʻrasam, hozir tushgan edi deb oʻzlarini oqlashdi. Hozir SAMPIga olib keldik”, – deydi 9 oylik chaqaloqning onasi.

Bundan tashqari, ayollar shifoxonadagi boshqa sharoitlardan ham norozi. Ular rakovinalar yaxshi ishlamayotgani, issiqda xonani sovitishning iloji boʻlmayotgani, bino eskirib, abgor holatga kelib qolganini aytishgan.

“Tomlari qulab tushgudek boʻlib turibdi. Binoni koʻrgan kishi uni poytaxtdagi bolalar shifoxonasiga oʻxshatmaydi. Axir poytaxtda aholi koʻpayib boryapti, shifoxonalar bemorlar bilan toʻlyapti. Nega yangi bino qurish haqida oʻylashmayapti?” – deydi Madina Usmonova.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img