Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida joylashgan 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi kaltaklangani aytilgan video tarqaldi.
Ushbu holat Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi hamda Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi voqea yuzasidan munosabat bildirdi.
Unga ko'ra, holat yuzasidan viloyat va tuman maktabgacha va maktab ta'limi boshqarma va tuman mas'ullari tomonidan ishchi guruhi tuzilib, holat o‘rganilgan. Aniqlanishicha, tasvirda aks etgan ko‘ngilsiz hodisa G'allaorol tumanidagi 16-DMTT tarbiyachisi tomonidan sodir etilgan.
"Tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, 2024-yil 19-iyun sanasidan e'tiboran egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Xizmat tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda", – deyiladi boshqarma munosabatida.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani hozirda Gʻallaorol tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tarbiyachining bollalarga zo‘ravonlik harakati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani haqida ma'lum qildi.
"So‘nggi paytlarda turli ta’lim muassasalarida bolalarga qo‘pol muomala yoki ozor berilishi oqibatida ularga turli darajadagi jarohat yoki emotsional-psixologik ta’sir ko‘rsatish faktlari uchramoqda.
Tarbiyachi va pedagoglar o‘zining birlamchi vazifasi, ya’ni bolaga ta’lim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazishi - mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan vaziyatdir.
Aynan shuning uchun ham maktabgacha ta’lim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik, nomunosib muomalaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart", – deydi Oliy Majlisning bola huquqlari bo'yicha vakili.