Qurbon hayiti kuni diniy manbalarimizda “Iyd al-Adha” deb yuritiladi. “Iyd” so'zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma'nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va bu kunda Allohning ne'matlari bandalari uchun serob bo'lgani bois uni “iyd” deb atashadi. “al-Azha” esa “qurbonlik qilish”, degan ma'noni anglatadi.
Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo'lgan kundan boshlab Qurbon hayitini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o'qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig'ilgan. Namozdan so'ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag'allarga moddiy yordam ko'rsatish, bolalarga hayitlik sovg'alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan.
Bolalarga munosib hadya va sovg'alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo'ladi. Farzandlar yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo'ladi. Bu kabi ishlar bolalar ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg'usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo'lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.