Onalar o‘lmaydilar yoxud o‘zi betob bo‘lib farzandini o‘ylagan ona...

15.06.2024 14:45
eye icon47
Onalar oʻlmaydilar yoxud oʻzi betob boʻlib farzandini oʻylagan ona...
Oʻgʻlim, dadangdan keyin uyning kattasi sensan. Koʻrib turibsan, ukang qattiq shamollagan. Isitmasi tushmayapti. Markazdan shifokor kelgunicha ukang...– Nilufarning nafasi ichiga tushib ketdi. Oʻgʻlida vahima uygʻotmaslik uchun darrov oʻzini qoʻlga olib gapida davom etdi. — Men darrov borib narigi ovuldan Mastura ayangni chaqirib kelaman. Seng ukangga qarab tur, chiroqni koʻp balandlatma, oxirgi piltani qoʻyganman-a, bolam, tonggacha yetkazishimiz kerak. Xayr bolam, senga ishonaman. Uyning kattasi sensan... — Nilufar 12 yoshli oʻgʻli Asqarjonning belbogʻini mahkam tortib, pechonasidan oʻpdi. 

— Mana buni oʻrab ol, muzlab qolibsan-ku, arslonim. – Ona boshidagi roʻmolini yechib, oʻgʻlining boshi va yelkalarini oʻradi.
— Ayajon, axir oʻzingizchi, koʻcha sovuq boʻlsa...
— Menga hech narsa qilmaydi, bolam. Onalar oʻlmaydilar. Oʻzimningning mehribon bolamdan oʻrgilay... — U oʻgʻli bilan apil-tapil xayrlashib, yoʻlga tushdi. Dekabrning achchiq sovugʻi-da uni muzlatolmas, ovga chiqqan och boʻrilarning uvillashi-da uning qalbida tahlika uygʻotolmasdi. U qanchalik uzoqlashmasin, butun vujudi uyida, bolalarida edi... Nilufar manziliga yetib, Mastura ayani olib qaytdi...
— Shunchalar ham uzun tun boʻladimi?

Tezroq tong ota qolsaydi? Yo rabbim, bolajonimning murgʻakkina vujudi qiynalmasin. Mana men oʻsha otash alangada qovrilay... – Nilufar harorat oʻlchagichni olib, xira yonib turgan lampaga tutdi.

— 36,8°. Xayriyat, bolajonimning isitmasi tushibdi...

Mijja qoqmay kutilgan tong. Asqarjon toʻshaklari tepasida tabassum bilan tikilib turgan onasini koʻrib quchoqlab oldi. 

— Iya, ayajon. Buncha issiqsiz. Tobingiz boʻlmayaptimi? Mastura ayamni chaqirib kelaymi?
— Voy mening arslonim-ey. Yoʻq, bolam, yaxshiman. Axir aytdimku, onalar oʻlmaydilar... — Nilufarning olov boʻlib yonayotgan vujudi-da yana bir alanga lovillardi. Bu onalik mehrining abadiy alangasi edi...

Teglar

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img