Yevropada bedarak yoʻqolgan muhojirlar haqida maʼlumot toʻplovchi transchegaraviy jurnalistika loyihasi – “Lost in Europe” hayratlanarli koʻrsatkichni oshkor qildi. Loyiha ishtirokchilarining aniqlashicha, 2021-2023-yillar oraligʻida Yevropaga kelgan 51 433 nafar bola bedarak ketgan.
“Lost in Europe” bu haqda Yevropa Ittifoqining 27 davlati, shuningdek, Moldova, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Shveysariyadagi masʼullarga soʻrov joʻnatgan va atigi 13 nafar yosh bolaga oid maʼlumotlarni olishga muvaffaq boʻlgan.
“Voyaga yetmagan muhojirlarning yoʻqolishi soni boʻyicha Italiya birinchi oʻrinda turadi – 22 899 nafar. Undan keyingi oʻrinlardan Avstriya (20 077), Belgiya (2 241), Germaniya (2 005) va Shveysariya (1 226) joy olgan”, – deyiladi loyiha hisobotida.
Qoʻshimcha qilinishicha, yoʻqolgan bolalarning haqiqiy soni bundan ham koʻp boʻlishi mumkin. Chunki maʼlumotlar koʻpincha bir-biriga mos kelmaydi va toʻliq boʻlmaydi. Eʼtiborlisi inson huquqlari haqida jar solayotgan koʻplab Yevropa mamlakatlarida qashshoq oʻlkalardan kelib, bedarak yoʻqolgan yosh bolalarning hisobi yuritilmaydi.
Yevropada bedarak yoʻqolgan bolalar tashkiloti bosh kotibi Aagye Iven bu raqamlarni “juda qoʻrqinchli” deb taʼrifladi.
“Huquqlari himoya qilinmayotgan muhojir norasidalarning koʻpayishi aysbergning suv ostidagi yashirin ulkan qismi borligini anglatadi. Bu esa yevropaliklarning biz oʻylaganchalik insonparvar emasligidan nishonadir”, degan u.