Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev diqqatiga!
Bolalarolami.uz veb-saytiga Navoiy viloyati, Navoiy shahri, M. Tarobiy ko‘chasi 130/51-uyda yashovchi fuqaro Zulfiya Berdiyeva tomonidan murojaat kelib tushdi.
Unda aytilishicha, 13 yildan buyon Navoiy shahrida joylashgan Yoshlar markazida mehnat qilib kelayotgan Zulfiya Berdiyeva joriy yilning 3-iyun sanasida shtat qisqarishi vaji bilan mehnat shartnomasi bir tomonlama bekor qilingan.
Quyida murojaatni to‘liq keltiramiz:
“Men, Berdiyeva Zulfiya Yorqulovna 2011-yilning 3-oktyabrdan 2017-yilning 1-iyuliga qadar “Kamolat” yoshlar ijtimoiy harakati bo‘limi kengashi qoshidagi “Yoshlar saroyi”da farrosh vazifasida, 2017-yilning 28-avgustidan 2020-yilning 29-oktyabriga qadar O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi huzuridagi “Yoshlar markazi”da farroshi vazifasida, 2020-yilning 29-oktyabridan 2024-yilning 3-iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi Navoiy viloyat boshqarmasiga xizmat xona farroshi vazifalarida faoliyat yuritib kelayotgan edim.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi Agentlik raisi U.Bahromov, bosh hisobchi J.Narziyev, inson resurslari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis X. Xudayberdiyevning 2024-yilning 3-iyunidagi 02-05/63-sonli buyrug‘i bilan mehnat shartnomam bekor qilindi.
2020-yilning oktyabr oyidan doimiy xizmat xona farroshi vazifalariga faoliyat yuritib kelayotgan 7 nafar xodimlarga 2024-yil aprel oyida shtat qisqartirilishi kelgani, 7 nafar xodim ham ishdan ketishi bosh hisobchi J.Narziyev va inson resurslari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassis X. Xudayberdiyev tomonidan aytilgandi. 2024-yilning 3-iyun sanasi bilan barcha xodimlar ishdan bo‘shatilib, 2024-yilning 8-iyun sanasida 4 nafar xodim xizmat xona farroshi vazifasiga qayta ishga tiklandi. Prezidentimiz inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘ygan bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi Agentlik raisi U.Bahromovning qilgan ishi qaysi qonun yoki qoidaga tog‘ri keladi?
Navoiy viloyat boshqarmasi Agentlik raisiga oilaviy ahvolim haqida ma’lumot berib: yolg‘iz ona ekanim, student farzandimni o‘qitayotganim, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz onalarga imtiyozli subsidiya asosida uy berilgani (Navoiy iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi tomonidan 2021-yil 9-fevraldagi Uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish to‘g‘risida 1712/401-6070-son xabarnomasiga asosan, 2021-yil 1-mart sanasida “Ipoteka-bank” Aksiyadorlik tijorat ipoteka banki bilan Birlamchi uy-joy bozorlardan uy-joy sotib olish uchun ipoteka krediti berish tog‘risida 477-17S-son Shartnoma tuzilib kredit to‘liq qiymati 641 856 594,69 so‘m bo‘lgan ipoteka krediti ajratilgan) uning kreditlarini har oy uzliksiz to‘lashim kerakligi, pensiyaga atiga 3 yil qolgani ishlamasam bo‘lmasligi haqida aytganimda, “Qayerga borsayiz boring, nima qilsayiz qiling shtat yo‘q, sizga… shtat berib qolsa chaqiraman”, degan hurmatsiz ohangdagi gaplari na davlat xizmatchilari odob-axloq qoidalariga, na davlat xizmatchilari to‘g‘risidagi qonunga to‘g‘ri kelmaydi. Tushunmadim meni aybim nima? 13 yil vijdonan shu joyda ishlagan bo‘lsam, biror marta mehnat intizomini buzmagan bo‘lsam, nima topshiriq bo‘lsa sidqidildan bajargan bo‘lsam, asosiysi men ham O‘zbekiston fuqarosiman-ku nimaga meni konstitutsion huquqimni, erkimni paymon qiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma’naviy masalalari departamentining 2024-yil 19-martdagi № 30/1-1503-son topshirig‘ining Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari balansidagi bino va inshootlar uchun zarur bo‘lgan texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar lavozimlarining me’yoriylari va ularni kiritish shartlari to‘g‘risidagi ilovasiga qaralsa, 800 kvadrat metr yig‘ishtiriladigan maydonga 1 nafar xizmat xona farroshi kerak ekanligi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ishlari Agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi binosi hududi 4200 kvadrat metr bo‘lib 6-7 nafar xodim ishlashi talab etiladigan joyda 4 nafar xizmat xona farroshi 0,5 shtat birligi bilan ishlamoqda. Vaholangki, bu normalarga zid. O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligining 2024-yil 15-martdagi 1-20-21-1057-sonli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan xatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Direktor A.Sa’dullayev Agentlikning viloyat boshqarmasi balansidagi bino uchun ko‘pi bilan 5-5,5 ta shtat birligi to‘g‘ri kelishi, bu Agentlik tizimidagi bino va inshootlar undagi mol-mulklardan samarali foydalanish va ularni sifatli saqlanishi ta’minlashda bir qancha qiyinchiliklarga sabab bo‘lishini aytib amaliy yordam so‘raganini ko‘rish mumkin.
Adolatsiz va qonun hujjatlarini mensimay ko‘r-ko‘rona qilinayotgan ishlari bilan davlat mulkiga va inson huquqlariga beparvoligi, hurmatsiz munosabatda ekanini ko‘ra bila turib Navoiy viloyat boshqarmasi Agentlik raisi U.Bahromovni rahbar sifatida oqlab bo‘lmaydi. Prezidentimizning inson qadrini tiklash va xalqni rozi qilish, odamlarni hayotini yaxshilashga e’tibor qaratayotgan bir paytda, qonunlarni va qonunosti hujjatlarni oyoqosti qilishga kim bularga ruxsat berdi ekan?
Navoiy viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi Mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishida ma’qullangan 2023-yilning 12-aprelda 1-sonli bayoni 2023-2025-yillar uchun tasdiqlangan Jamoa Shartnomasida belgilab qo‘yilgan xodimlar soni qisqartirilayotganda qisqartirish oqibatlarini yumashatishga qaratilgan qoidalarga qonuniy tarzda amal qilinmagani, mehnat shartnomasini asossiz tarzda bekor qilinib menga nisbatan adolatsiz va hurmatsiz munosabatda bo`lib, sha’nim toptaldi. Bu holatdan o‘zimni himoyasiz his qilyapman. Menga ma’naviy zarar yetkazilmoqda. Ishlamasam bo‘lmaydi, xizmat xona farroshi vazifasida 0,75 shtat birligi bilan qayta ishlashimda yordam bering. Men tang ahvolda qoldim, sizlardan ushbu xatni o‘rganib menga amaliy yordam berishingizni so‘rayman”.
Tahririyat mazkur holatni va unda keltirilgan masalani tegishli tartibda ijobiy hal qilinishiga umid qilamiz.