Yaxshilik qilishimizga eng haqli insonlar albatta ota-onalarimizdir. Ular bizning jannatga kirishimizga sababchilardir. Dinimizda ham ularga yaxshilik qilish farzandlarning burchi ekani, ularga g'amxo'rlik qilish lozim ekani ta'kidlanadi. Ayniqsa qarigan paytlarida ularning yonlarida bo'lib yordamimizni ayamasligimiz kerak.
Keling, ota-onalarga quyidagi savollarni berib ko'raylik:
Nima uchun farzandlaringiz uchun joningizni ham fido qilib yuborasiz? Nima uchun farzandlar rohati yo'lida o'z rohatingizdan kechasiz. Uyingizni tark etib qancha mashaqqatlarni boshdan kechirasiz? Bunchalar muruvvatli bo'lmasangiz? Nima uchun bu yo'lda alamli iztiroblarni zimmangizga olishga tayyorsiz?
Ota-onalar bu savolllarga bir xil javob berishadi: "Farzandlarimiz hayotda bizdan baxtliroq hayot kechirsin. Hech qachon qiyinchilik ko'rishmasin. Ular baxtiyor bo'lishi uchun biz hamma narsaga tayyormiz" deyishadi.
Afsuski, ba'zi farzandlar vaqti-soati kelib, ulg'aygach, ota-onaning qadriga yetmaydi. Hamma narsa o'z-o'zidan bo'lib qolgan deb o'ylaydi. Ota-onaning qilgan yaxshiliklarini unutadi. Biror mansabni egallasa yoki obro'li kasb egasi bo'lsa, ota-onaga yaxshilik qilmay qo'yadi. Aslida, uning bunday darajaga yetishishiga kim sababchi bo'lgan edi?
Keling aziz yoshlarimizga bir necha savollarni berib ko'raylik.
Kim sizni 9 oy mobaynida qiyinchilik bilan qornida ko'tarib yurgan edi?
Kim o'z jonini garovga qo'yib, qancha dard-alamlarga chidab, sizni dunyoga keltirgan edi?
Chaqaloqlik paytingizda yoningizdan jilmay, ertayu kech kim sizga qarab turgan edi?
Kasal bo'lib qolsangiz, shifokorga olib borgan, dori-darmon olib bergan, tuzalguningizcha tabassum nimaligini unutgan kim?
Nahotki ota-onalarimiz qadriga ularni yo'qotgandan keyingina yetsak? Yo'q, bunday qilmaylik!
Toki ota-onalarimiz hayot ekan, ularning qadriga yetib, doimo xizmatlarida bo'laylik. bellariga quvvat bo'laylik, ularni xursand qilib, duolarini olaylik. Shundagina Alloh taolo bizni ikki dunyoda azizu mukarram qiladi.