Ota-onangiz haqqiga duo qiling.
“Ey, Robbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) moʻminlarni magʻfirat qilgin!” (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etgach amallari toʻxtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya, foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand” (Imom Buxoriy rivoyati).
Sufyoni Savriy aytadi: “Mayyitlar duoga tiriklar taom, ichimlikka muhtoj boʻlganlaridan ham koʻra muhtojroqdirlar”.
Ota-onangiz qabrini ziyorat qiling.
Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasi yoki ulardan birining qabrini har juma kuni ziyorat qilib, “Yosin” surasini tilovat qilib, uning savobini ularga bagʻishlasa, suradagi har bir harf adadicha Alloh taolo ularning gunohlarini magʻfirat qiladi”, dedilar (Imom Daylamiy rivoyati).
Maʼqal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Oʻliklaringizga “Yosin” surasini tilovat qiling”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayhi qabrni ziyorat qiluvchi Qurʼoni karimni tilovat qilgandan soʻng ushbu duoni oʻqishi lozimligini taʼkidlaydi: “Allohumma avsil savaba ma qaraʼtuhu ila “fulan” (Allohim, ushbu oʻqigan Qurʼon tilovatidan hosil boʻlgan savobni (mayyitning ismi zikr etiladi) ...ga yetkazgin).
Ibn Hojar Haytamiy rahimahulloh: “Mayyitning haqqiga Qurʼoni karimdan tilovat qilib, uning savobini bagʻishlash bilan birga, mayyit haqiga Allohning rahmat va magʻfiratini ham soʻrab duo qilish qabrlarni ziyorat etishdan koʻzlangan asosiy maqsaddir”, degan.
Ota-onangiz haqqiga istigʻfor ayting.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Mayyitning vafotidan keyin darajasi koʻtarildi. Shunda u: “Yo Robbim! Bu nima?” dedi. “Bolang senga istigʻfor aytdi”, deyildi.
Muhammad ibn Sirriyn aytadilar: “Kunlarning birida Abu Hurayra roziyallohu anhuni: “Allohim! Onamni va meni hamda onamga va menga istigʻfor aytganlarni magʻfirat qilgin” deyayotganini koʻrdik. Shundan beri Abu Hurayraning duosidan umidvor boʻlib, unga va onasiga magʻfirat soʻraydigan boʻldik”.
Ota-onangiz nomidan sadaqa qiling.
Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir odam kelib: “Yo Allohning Rasuli, onamning joni birdan chiqdi. Vasiyat qila olmadi. Oʻylaymanki, agar gapirsa, sadaqa qilar edi. Uning nomidan sadaqa qilsam, unga savobi yetadimi?” deb soʻradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Nasoiy rivoyati).
Saʼd ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam boʻladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb soʻradim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarga suv ulashish”, dedilar. (Imom Nasoiy rivoyati).
Ota-onangiz doʻstlari va yaqinlarini hurmat qiling.
Abu Usayd roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam: “Yo Allohning Rasuli! Men uchun ota-onamga ular dunyodan oʻtgandan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?” deb soʻradi. “Ha! Toʻrt xislat qoldi: Ularga duo qilish. Ularga istigʻfor aytish. Ularning ahdiga vafo qilish. Ularning doʻstlarini va ularsiz silai rahm boʻlmaydigan kishilarni ikrom qilish”, dedilar”.
Alloh taolo barchamizga ota-onamiz tiriklik vaqtida ularga yaxshiliklarni qilib, roziliklarini topib, duolarini olishga tavfiq ato etsin. Oʻtganlaridan keyingi haqlarini ham ixlos bilan ado etishga muyassar qilsin!
Davron NURMUHAMMAD