Bir guruh professional mutaxassislar 4 yoshdan 8 yoshgacha bo'lgan bolalardan tashkil topgan guruhga shunday savol berishdi: "Sevgi nimani anglatadi?" Ular olgan javoblar esa har kim tasavvur qilganidan ham kengroq, chuqurroq va ma'noliroq edi!
Rebekka — 8 yoshda:
“Buvim artritga uchraganida, u endi egilib, oyoq tirnoqlarini bo'yashga qodir emas edi... Shunday qilib, bobom uni har doim, hatto o'zining qo'llari artrit bilan kasallanganida ham bo'yab qo'yardi. Bu sevgi”.
Billi — 4 yoshda:
"Kimdir sizni sevsa, sizning ismingizni aytishi boshqacha bo'ladi. Faqat sizning ismingiz ularning og'zida xavfsiz ekanini bilasiz".
Karl — 5 yoshda:
"Muhabbat — bu qizning atir sepishi, o'g'il bolaning soqol qo'yishi va ular tashqariga chiqib, bir-birlarini hidlashlaridir".
Krissi — 6 yoshda:
"Sevgi — bu siz ovqatlangani chiqib, kimgadir fri kartoshkangizning ko'p qismini berishingiz va u sizga o'zinikini berishga majbur emasligidir".
Terri — 4 yosh:
"Sevgi — charchaganingizda tabassum qilishingizdir".
Denni — 8 yoshda:
"Sevgi — bu onamning dadamga qahva tayyorlab berishi va uning ta'mi yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilish uchun uni dadamga berishdan oldin bir qultum ichib ko'rishi".
Nika — 6 yosh:
"Agar siz yaxshiroq sevishni o'rganmoqchi bo'lsangiz, o'zingiz yomon ko'radigan do'stingizdan boshlashingiz kerak."
Noelle — 7 yoshda:
"Sevgi — bu yigitga ko'ylagini yoqtirishingni aytsang, keyin u har kuni o'sha ko'ylagini kiyishi".
Tommi — 6 yoshda:
"Muhabbat bir-birlarini juda yaxshi taniganlaridan keyin ham do'st bo'lib qolgan kampir va cholga o'xshaydi".
Sindi — 8 yoshda:
“Fortepiano kontserti paytida men sahnada edim va qo'rqib ketdim. Meni kuzatib turgan barcha odamlarga qaradim va dadamning qo'l siltab jilmayib turganini ko'rdim. U buni qilgan yagona odam edi. Men endi qo'rqmasdim."
Kler — 6 yoshda:
"Onam meni hammadan ko'proq yaxshi ko'radi. Kechasi uxlash uchun yotganimda meni o'pgan boshqa hech kimni ko'rmaganman.
Elaine — 5 yoshda:
"Sevgi — bu onamning dadamga eng yaxshi tovuq go'shtini berishidir."
Kris — 7 yoshda:
"Sevgi — bu onam dadamning hidlanib, terlab ketganini ko'rib, uni Robert Redforddan chiroyliroqsiz deb aytishi".
Meri Enn — 4 yoshda:
"Sevgi — bu kuchukchang uni kun bo'yi yolg'iz qoldirganingdan keyin ham yuzingni yalashi".
Karen — 7 yoshda:
"Birovni sevsangiz, kipriklaringiz yuqoriga-pastga tushadi va sizdan kichik yulduzlar chiqadi".
Mark — 6 yosh:
"Sevgi — bu onamning dadamni hojatxonada ko'rishi va u buni qo'pol deb o'ylamasligi..."
Xo'sh, sizningcha sevgi nima?
Asilbek Abdurahimov tarjimasi