Inson hayotining eng goʻzal davri boʻlmish bolalikni umr oʻtgani sayin yoʻqotib qoʻyadi, ammo qalbida bir umrga muhrlaydi...
Oʻsha, qalbda muhrlangan esdaliklar esa uni farzandli boʻlganida yana olis bolaligiga qaytaradi. Inson farzandining bolaligida oʻz bolaligini koʻradi, beixtiyor.
Unga oʻzi shu kabi kichkintoy boʻlganida yetishmagan nimalarnidir beradi-yu, shu tortiqni xayolida oʻnlab yillar orqaga qaytib, bolakay koʻrinishidagi oʻziga bergandek his qiladi...
Bolalik takrorlanadigan jarayon...
Faqat, avval uni oʻzingda, keyin farzanding orqali, undan keyin nevarang orqali va, Alloh umr bergan boʻlsa, chevara va evaralaring orqali his etasan. Oilangda har gal yangi chaqaloq paydo boʻlishi seni yana bir bor bolalikka qaytaradi. Toki tirik ekansan hayot shunday davom etaveradi: bolalik seni tashlab ketmaydi...
Mana shu oʻyingoh necha necha qiziltepaliklarning bolaligini, yoshlikdagi shijoatini koʻrgan...
Bu maysa men uchun juda qadrdon. U yillar davomida otamning va mening, endi esa bolamning bolalik qadamlarini bagʻrida his qilgan va qilyapti.
Yil oʻtar ekan bu qadam koʻpayaveradi. Birgina shu maysa bir oilaning uch avlodinining izlarini bagʻriga bosdi...
Biz bolalikdan boshlagan, “Umr” deb atalmish safarimizni qancha davom ettirmaylik, bir umrga qalban bolaligimizcha qolamiz...
Shunchaki katta hayotda yashayotgan katta bolalar...