Mening 14 yildan beri farzandlarim bilan har haftada takrorlaydigan bir mashgʻulotim bor. Shu mashgʻulot tufayli biz bir-birimizni yaxshiroq tushunadigan, koʻproq mehr qoʻyadigan boʻlganmiz. Shu sababli sakinat va xotirjamlikda yashaymiz. Men uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislaridan oʻrganganman: “Kim Kahf surasini juma kuni qiroat qilsa, unga ikki juma orasicha nur ziyo sochadi”.
Bu hadisga amal qilishni farzandlarim goʻdaklik chogʻlaridanoq boshlaganman. Ularni toʻplab har birlariga shirinlik hadya qilar va Kahf surasini oʻqib berar edim. Ular meni diqqat bilan tinglashardi. Keyin ularni birma-bir maqtab, duo qilib qoʻyar edim. Kunlar oʻtib farzandlarim ulgʻayishdi. Kahf surasini yodlab ham olishdi. Har juma kungi qiroat qiladigan mahalimiz barchamiz uchun muhim bir vaqtga aylandi. Hech kim kelmasdan qolmasdi. Shu tarzda bir-birimizga boʻlgan oʻzaro mehr-muhabbatimiz mustahkamlanib, qalbimiz nurga toʻlardi. Ushbu nur keyingi qiroat mahalimizgacha bizni yaxshilikka chorlardi.
Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtiyning “Mehr oyi” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Roʻzaliyev tarjimasi.