O‘rinboy, To‘xtasin, Tursunoy – «irim ismlar» haqida

27.05.2024 18:23
eye icon129
O‘rinboy, To‘xtasin, Tursunoy – «irim ismlar» haqida
Bolalarolami.uz o'zbek ismlarini bir necha toifalarga ajratgan holda ularning kelib chiqishi, ma'nosi va maqsadi haqida maqolalar taqdim qilishni davom etadi. Bugungi maqolada asosan, farzandlarining ketma-ket o‘limini to‘xtatish istagida qo'yiladigan ismlar mavzusida so‘z yuritamiz.

Bugungi zamonaviy tibbiyot ancha-muncha kasalliklarning kelib chiqish sababini aniqlab, asoratsiz davolashning uddasidan chiqmoqda. Rivojlangan mamlakatlarning tajribali shifokorlari nasliy kasalliklarning ham shifosini topmoqda. Inson o‘zining ilmi, tadbiri bilan hayotini gullatmoqda. Bundan bir-ikki asr oldin esa chechak, qizamiq kabi kasalliklarga shifo topmay baxshi, tabib yoki folbinlarga ham yugurganlari bor gap.

Ayrim oilalarda tug‘ilgan go‘daklar yashab ketmay, vafot etavergan. Bolalarning o‘limi surunkali ko‘rinish olgan. Bundan kuygan ota-onalar yoshi kattalarning maslahati bilan yoki o‘sha davr odatiga ko‘ra navbatdagi bolasiga O‘rinboy, O‘rintoy, O‘rinoy, O‘rinbibi ismlaridan birini qo‘ygan. “Bu bola vafot etib ketganlarining o‘rniga berildi” degan niyatda mazkur ismlar qo‘yilgan. 
Bugun birgina emlash bilan daf bo‘ladigan kasalliklar tufayli farzandlarini tuproqqa qo‘yavergan oilalar ism orqali bolasi jonini saqlab qolishga intilgan, bunday hollarda ismlar yagona najot bo‘lib ko‘ringan. O‘rinboy, O‘rintoy, O‘rinoy, O‘rinbibi kabi ismlar shunday ilinj mahsuli sifatida yuzaga kelgan. Mazkur ismlar ichidan O‘rinboy va O‘rinoy ismlari bugun ham ko‘p uchrab turadi.

Bolalar o‘limi surunkali ko‘rinish olgan hollarda Tursun, Turdivoy, Turdiali, To‘xtasin, Tursunoy, To‘xtaxon, Umrinisa, Umrzoq kabi ismlar ham qo‘yilgan. Diqqat qilinsa, ushbu ismlarning zamirida “bu dunyoda tursin, yashab ketsin, vafot etishi to‘xtasin, umrini bersin, [bunisining] umri uzoq bo‘lsin” degan mazmun bor. Go‘daklar o‘limining sabablari aniq bo‘lmagan davrlarda boshga kelgan har neni Ollohdan deb bilgan mo‘minlar bunday ismlarni qo‘yish bilan Yaratgandan bolasining yashab ketishini o‘tingan, shunga umid qilgan. Ma’lum maqsadni ifoda etuvchi bu turdagi ismlarni xalq tilida “irim ismlar” deyishadi.

Erkin Vohidovning “Otdoshlarimga” she’ridan olingan quyidagi parchada esa To‘xtasin ismining qo‘yilish sabablari badiiy aks topgan:
Ona farzand ko‘rib to‘rtovlon,
Qaro yerga bersa to‘rttasin.
Tug‘ilganda beshinchi o‘g‘lon
Umid bilan degan “To‘xtasin”.

Ma’lum bo‘ladiki, ota-bobolarimizda ismlar inson taqdiriga ta’sir eta oladi, degan ishonch mavjud bo‘lgan. Shu asosda, ismlarga “ilinj” sifatida qaralgan. Aslida esa farzandingizga umuman boshqa ismni qo‘yish orqali ham Allohdan unga uzoq umr, sog‘lik tilash mumkin. U zot bunga qodir. Shunday ekan, farzandga ism tanlashda yanada e’tiborli bo’lishingizni so’rab qolamiz.

Teglar

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img