"So‘nggi qo‘ng‘iroq": tarix va faktlar

25.05.2024 08:45
eye icon98
"So‘nggi qo‘ng‘iroq": tarix va faktlar

Sinflarda chalingan dastlabki qo‘ng‘iroqlar

Ta'lim muassasalarida dastlabki qo‘ng‘iroqlardan foydalanish Qadimgi Yunonistonda boshlangan. Birinchi qo‘ng‘iroq Aflotun akademiyasida joriy qilingan. Aflotun foydalangan qo‘ng‘iroq biz bugun ko‘rib turgan qo‘ng‘iroqlardan ancha farq qilgan. Unda jarang hosil qilish uchun suv va naydan foydalanilgan. Olim 2ta kemani naycha bilan bog‘laydi. Bir kemadan keladigan suv nay orqali ikkinchisiga o‘tayotganda ovoz chiqqan va jarang hosil bo‘lgan.

 

XVII asrga kelib, qo‘ng‘iroq uchun yangi tizimdan foydalanishga o‘tiladi. Chexiyalik o‘qituvchi Yan Amos Komenskiy darslarni qo‘ng‘iroq bilan tugatish g‘oyasini ilgari surib, sinfda ko‘chma yoki statsionar qo‘ng‘iroqdan foydalangan. XX asrga kelib, qo‘ng‘iroqning ancha takomillashgan turi – elektr qo‘ng‘iroqlar keng tarqaldi.

 

XIX asrda ingliz muhandisi Uilyam Sterjyen birinchi elektromagnitni yaratdi. Shundan keyin Iogan Vagner va Kristian Niff tebranish bolg‘asini ixtiro qildi. Bu – elektr qo‘ng‘iroqning paydo bo‘lishi uchun muhim ixtiro edi. Shu tarzda elektr qo‘ng‘iroqdan amaliyotda keng foydalanishga o‘tildi.

 

25-may sanasini so‘nggi qo‘ng‘iroq sifatida nishonlash qachondan boshlangan?

So‘nggi qo‘ng‘iroqni 25-may sanasida nishonlash 1948-yilda Rossiyada boshlangan. Bu an'ana Krasnodar shahridagi 182-maktab direktori Fyodor Bryuxovetskiy tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, bilimlar kuni, maktabda navbatchi sinflarni tashkil qilish, 1-sinf o‘quvchilari uchun alifbo bilan xayrlashish kabi an'analarni ham Fyodor Bryuxovetskiy olib kirgan. Keyinchalik bu g‘oyalar butun ittifoq bo‘ylab yoyilgan va ularning aksari hozirgacha davom etadi.

 

“Amerikacha bitiruv kuni” qanday o‘tadi?

Amerikada 1920-yillarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalingandan keyin bitiruvchilar sayohatga chiqishgan. 30-yillarga kelib, Amerikada bitiruvchilar sayohat, o‘yin va musobaqalar tashkil qilib, bitiruv kunini nishonlashni boshlagan. Hozir Amerikada maktabda bitiruv kunini tashkil etish Amerika Ta'lim Kengashi tomonidan tartibga solinadi: Bunda ta'lim muassasalari rioya qiladigan ko‘rsatmalar bor. Bayramlar stadion, maydon va ochiq o‘tloqda o‘tkaziladi. So‘nggi qo‘ng‘iroq kuni bitiruvchilarning 5 daqiqagacha kechikishiga ruxsat berilgan.

 

Shuningdek, bitiruvchilar, qora xalat va akademik bosh kiyimida diplom olishadi: Ularni kuzatish uchun ota-ona va yaqinlari ham bayramga tashrif buyuradi. Marosim yakunida bitiruvchilar bosh kiyimlarini tepaga uloqtirishadi.

 

O‘quv qurollari bilan vidolashuv va so‘nggi madhiya

Yaponiyada ham o‘quv yilining tugashi katta voqea sanaladi. Bu kunda butun maktab sport yoki faollar zalida yig‘iladi. Marosim Yaponiya bayrog‘iga ta'zim bilan boshlanadi, so‘ngra maktab madhiyasi yangraydi. Bitiruvchilar madhiyani maktabda oxirgi marta kuylayotganiga urg‘u berishadi. Bayram davomida birma-bir chaqirilib, ularga diplom beriladi.

 

Xitoyda o‘quv yili yakunlanadigan kunda bitiruvchilarga juda ko‘p narsaga ruxsat beriladi. Masalan, o‘quvchilar maktab derazalaridan daftar, qalam, chizg‘ich kabi o‘quv qurollarini tashlaydilar. Albatta, bunda bayramdan keyin yerga uloqtirilgan narsalarni yig‘ishtirib olish ham shart qilib qo‘yiladi.

 

Bitiruv kunida oq qalpoqchalar

Daniya va Shvetsiyada ham o‘qishning so‘nggi kuni o‘ziga xos nishonlanadi. Qizlar oq libos, yigitlar oq ko‘ylak va kostyum kiyadi. Maktabda bitiruvchiga tantanali ravishda maxsus oq qalpoqcha beriladi. Qalpoqchaning ichki qismiga barcha sinfdoshlarning ismi yozilgan bo‘ladi. Qalpoq hoshiyasidagi ranglar bitiruvchining qancha imtihonlardan o‘tganligini bildiradi. Masalan, qalpoq hoshiyasining qizil bo‘lishi o‘rta daraja, qora bo‘lishi esa a'lo darajani anglatadi. Shu kuni Daniya va Shvetsiya shaharlari ham bitiruvchilar ixtiyorida bo‘ladi. Tantanali qismdan so‘ng sinflar shahar atrofida ochiq avtobusga chiqib, har bir sinfdoshning uyida to‘xtashadi. Ota-onalar bitiruvchilarni mehmon qiladi, derazadan ularga konfet uloqtiradi.

 

Norvegiyada so‘nggi qo‘ng‘iroq kunidan oldin bitiruvchilar ko‘k yoki qizil kombinezon kiyishni boshlaydi. Bu bitiruvchi sinflarning maxsus formasi hisoblanadi. Shaharlarda bitiruvchilar paradi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, bitiruvchilar kichik sinflar uchun o‘z tashrif qog‘ozlarini ham tayyorlaydi. Ularda bitiruvchi rasmi, shiorlar va iqtiboslar bo‘ladi.

 

Germaniyada ham bitiruv kuni bayram qilinib, mamlakatning ayrim joylarida bitiruvchilar o‘zlaridan esdalik sifatida maktab bog‘iga gul va daraxtlar ekishadi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img