Ijtimoiy tarmoqlarda 30 yoshli shaxs Samarqand viloyati Past Dargʻom tumanidagi 20-maktabga kelib, oʻquvchilardan birini olib chiqib ketgani, soʻng uni urib yelkasini sindirgani, bolaning sochini kesib, qoshini kuydirgani haqida xabarlar tarqaldi.
U bu ishni oʻquvchi singlisiga hazillashgan bolani jazolash maqsadida amalga oshirgani aytilmoqda. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Saʼdullayev maʼlumot berdi.
Unga koʻra, 2024-yil 18-may kuni holat yuzasidan Past Dargʻom tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, holatni Oliy Majlisning bola huquqlari boʻyicha vakili – Bolalar ombudsmani ham oʻz nazoratiga oldi.
“Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 16-may kuni Pastdargʻom tumani IIB ga 2009-yilda tugʻilgan B.S. (oʻgʻil bola) tan jarohati olganligi toʻgʻrisida uning onasi J.I. dan ariza kelib tushgan”, – deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, voyaga yetmagan B.S. 20-maktabning 9-sinfida taʼlim olishi, u shu maktabning 6-sinf oʻquvchisi Q.A. (qiz) ga sevishini aytganligi, soʻng Q.A. ning akasi, A.Q. holatdan xabar topib, 15-may kuni B.S. ni oʻz uyining ichki tomoniga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, A.Q. goʻyoki uning taʼzirini berish maqsadida B.S. ning sochi va qoshini qaychi bilan qirqib, uyidan chiqarib yuborgan.
Shuningdek, tergov davomida voyaga yetmagan B.S. ga nisbatan sodir etilgan boshqa gʻayriqonuniy harakatlarga huquqiy baho berilmoqda.