Koʻpchilik tishlarni yuvayotganda ularning qonashiga unchalik eʼtibor bermaydi. Aslida bu holat ogʻizdan hid kelishi, tishlar boʻshab qolishi va tushishi kabi belgilar bilan namoyon boʻluvchi parodontoz kasalligidan darak beradi.
Xoʻsh, u qanday kasallik? Unga asosan qaysi yoshdagi insonlar duchor boʻladi? Xastalikning oldini olish va davolash mumkinmi?
Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yo‘ldashev javob berdi.
Parodontoz — tish atrofidagi toʻqimalarning surunkali yalligʻlanishi va bundan tish katakchalari yemirilishi oqibatida ularning tushib ketishi bilan kechuvchi kasallik, — deydi mutaxassis. — U koʻpincha 35 yoshdan keyingi davrda 40-50 foiz kishi chalinadigan milk kasalligi boʻlib, uni toʻliq davolash texnologiyalari ishlab chiqilgan.
Xastalik parodont tomirlari va nervlari buzilishi yoki kasallanishi natijasida tish atrofidagi toʻqimalarning qon bilan yetarli taʼminlanmasligi oqibatida kelib chiqadi. Ovqat chaynaganda milkka zoʻr kelishi, tishda tosh yigʻilishi, ogʻiz boʻshligʻining talab darajasida parvarish qilmaslik, luqmani notoʻgʻri tishlash, sunʼiy tishlarni toʻgʻri oʻrnatmaslik, shuningdek organizmda kechadigan umumiy kasalliklar parodontozga sabab boʻlishi mumkin.
Kasallik dastlab milkda achishish, qichishish va tomir urishi kabi belgilar bilan boshlanadi. Soʻng tish boʻyni ochilib qoladi, baʼzan milk yalligʻlanib shishadi, tish choʻtka bilan yuvilganda yoki qattiqroq ovqat yeyilganda, milk qonaydi. Ogʻiz boʻshligʻi shishib qizarishi, bora-bora tishlarda tosh, noxush hid paydo boʻlishiga olib keladi.
Uning rivojlanishiga tish oraligʻida ovqat qoldiqlari, bakteriyalar, teri hujayralari va milk orasi ochilib qolishi yanada qulay sharoit yaratadi. Bu qoldiqlarning barchasi soʻlak bilan aralashib, qattiq tosh hosil qiladi.
Parodontozning keyingi bosqichida tishlarni ushlab turgan tayanch suyak asta-sekin yemirilib, davolashga kirishilmasa, uning “umri” qisqaradi. Natijada ovqat chaynash va hazm qilish buziladi. Shu tariqa milk qatlamining surunkali yalligʻlanishini keltirib chiqaradigan bakteriyalar uchun qulay muhit paydo boʻladi.
Tish qatlamida yashovchi son-sanoqsiz bakteriyalar organizmga salbiy taʼsir koʻrsatib, qonni quyultiradi. Bu miokard infarkti, insult, arterial gipertoniya kabi xavfli kasalliklar xavfini oshiradi. Milkning zararlanishi homiladorlikda turli zoʻriqishlarga sabab boʻlishi aniqlangan.
Kasallikning oldi olinmasa, boshqa bir nomdagi xastalik – gingivitning boshlanishi uchun ayni muddaodir. Milkdan yiring (pioreya) ajraladi, tishlarning ildizi yaqqol ochilib, toʻkilishga tayyor turadi. Koʻrinishidan sogʻlom boshqa tishlarda ham aynan shu jarayon takrorlanadi.
Tish ogʻriqlari shundayki, yillar mobaynida bunga “hozirlik” koʻriladi. Kasallik zoʻrayib, avj nuqtasiga yetgan pallada bemor shifokorga murojaat qiladi. Vaholanki, bu vaqtda gʻisht qolipdan koʻchgani bois kasallikni davolash qiyinlashadi.
Toʻgʻri, parodontoz bilan ogʻiz boʻshligʻi kasallangan bemor uchun samarali dori-darmon turlari koʻp. Ammo davolashdan koʻra, bunga duchor boʻlmaslik chora-tadbirlarini koʻrish afzaldir. Jumladan, tish toshlari va bioplyonka qalin boʻlib ketmasligi uchun ogʻiz boʻshligʻini sifatli tish pastalari bilan tozalab turish tavsiya etiladi.
Shuningdek, davolab boʻlmaydigan tishlar olib tashlandimi, milk “qochishi”ga yoʻl qoʻymasdan, uning oʻrniga turli kompozitdagi sunʼiy tishlarni oʻrnatish maqsadga muvofiq. Qandli diabet kasalligi boʻlgan bemorlar bir yilda 3-4 marotaba stomatolog koʻrigidan oʻtib turmasa, qisqa vaqt ichida 60- 70 foiz tishlarini yoʻqotib qoʻyish mumkin.
Ovqatlanish ratsioniga eʼtibor bermay turib, nafaqat parodontoz, balki boshqa tish kasalliklari ham zoʻrayib ketishini unutmaslik kerak. Tarkibida S, A, V vitaminlari boʻlgan qattiq meva-sabzavot turlari – qizil bulgʻor qalampiri, bodring, sabzi, sarimsoqpiyoz, olma, turp, rediska, qoragʻat (smorodina) taomnomadan oʻrin olsa, muammoga oʻrin qolmaydi.