Bir sinfda 20 nafar o‘quvchi bo‘lsa ularda 20 xil xarakter va turli o‘zlashtirish darajasi bo‘lishi mumkin. A'lochilar ham, past o‘zlashtiruvchilar ham doim bo‘ladi. Quyida esa o‘zlashtirishda ortda qolayotgan bolalar bilan ishlashda o‘qituvchilar uchun zarur bo‘lgan tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.
1. Sinfda har
qanday baqirishlar, ayblovlar va koyishlardan xoli muhitni yaratingki, bola bu yerda o‘zini erkin his etsin. Chunki bolaning o‘zlashtirishiga o‘zini noqulay his
qilayotgani ham sabab bo‘lishi mumkin.
2. Individual
yondashuvni hisobga olgan holda xotirjamlik bilan bir xil sur'atda dars o‘ting.
Bir kun ko‘proq vazifa berib, boshqa kuni vazifa so‘ramasangiz barqarorlik
buzilishi mumkin.
3. Bolaga nisbatan
xushmuomalalik va sabr-toqatli bo‘lishga intiling (ustozlik kasbining mashaqqati va
sharafi aynan shu erda jamlangan). O‘zi qiyin o‘zlashtirayotgan bolaga qattiq
gapirsangiz, u yanada ortga ketishi mumkin.
4. Bunday
bolalarga vazifalar berganingizda imkon qadar vaqtni chegaralab qo‘ymang, agar
vaqt tugagan taqdirda ham ularga oxirigacha bajarishlariga qo‘yib bering. Bugun 10
daqiqa kech bajarsa, bora-bora o‘z vaqtida bajarish darajasiga ham yetadi.
5. Ulardan savolga tezda javob berishlarini talab qilmang. Hamma ham
tezkorlik bilan fikrlamasligi mumkin. O‘zlashtirishga qiynalayotgan bola esa
tengdoshlaridan sekinroq fikrlashi ehtimoli ham yo‘q emas.
6. Bunday bolalar ko‘rsatgan oddiy muvaffaqiyatlarini ham sinfda maqtang, bu
ulardagi o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. O‘ziga ishonch esa uni yanada ko‘proq va yaxshiroq
o‘zlashtirishiga turtki bo‘ladi.
7. Dars davomida yosh o‘quvchilardagi aqliy toliqishni kamaytirish maqsadida
jismoniy mashqlar bilan shug‘ullantirishni unutmang. Bu nafaqat past
o‘zlashtiruvchilarga, balki har bir bola uchun zarur omillardan biri.
8. Tannaffus qo‘ng‘irog‘i chalingandan so‘ng bolalarni ushlab o‘tirmang, chunki
ularning diqqati allaqachon chalg‘ib bo‘lgan bo‘ladi.
9. O‘zlashtirishi past o‘quvchilarni “tezlik uchun” ovoz chiqarib o‘qishini
tekshirmang, ayniqsa buni qolgan sinfdoshlari oldida qilmang. Agar o‘qishi sekin
bo‘lsa, alohida shug‘ullanganingiz ma'qul.
10. Uyga vazifalarni bolalarning yoshiga mos ravishda bering yoki uyga
vazifalarni ko‘p bermaganingiz ma'qul. Chunki bu boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini
o‘qishdan bezdirishi mumkin. Shunday qilingki, o‘qishga kelish ular uchun xursandchilik
bilan qarshi olinadigan lahzalar bo‘lsin.
11. O‘zlashtirishi sust bolalar topshiriq bajarayotganlarida ularni chalg‘itmang
yoki aralashmang. Topshiriqni tugatgach, xato bo‘lsa to‘g‘irlang, yaxshi bajargan bo‘lsa
rag‘batlantiring.
12. Darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlarda bolani majburlab qoldirmang.