O‘g‘iloy, Ulbo‘lsin, Qizlarxon – farzand jinsiga bog‘liq ismlar

17.05.2024 17:00
eye icon530
O‘g‘iloy, Ulbo‘lsin, Qizlarxon – farzand jinsiga bog‘liq ismlar
Bolalarolami.uz o‘zbek ismlarini bir necha toifalarga ajratgan holda ularning kelib chiqishi, ma'nosi va maqsadi haqida maqolalar taqdim etishni boshlaydi. Bugungi maqolada bir necha qizlardan so‘ng o‘g‘il ko‘rishni istab qo‘yiladigan ismlar mavzusiga to‘xtalamiz.

Ism tanlash haqida so‘z borar ekan, u nafaqat kishini identifikatsiyalash, ya'ni boshqalar orasidan ajratib olish uchun zarur vosita, balki milliy o‘ziga xoslik belgisi hamdir. Shu jihatdan qaralsa, bolaga ism tanlash bir muncha mas'uliyatli vazifa.

O‘zbek xalqi ming yillar davomida ism tanlash borasida muayyan urf-odat, an'ana va standartlarga amal qilib kelgan. Zamon rivojlanib, odamlarning dunyoqarashlari o‘zgargani sayin bu odatlar ham qisman o‘z kuchini yo‘qotib boryapti, ammo baribir ana shu standartlar asosida ism tanlayotgan vatandoshlarimiz yetarlicha topiladi.

Xalqimiz azaldan bolajon, serfarzandlikni istaydigan xalq sifatida namoyon bo‘lgan. Shuningdek, nafaqat o‘zbeklarda, balki har qanday millatda ham o‘g‘il bola nasl davomchisi o‘laroq boshqacha e'zozlanadi. Shu sababdan ayrim oilalarda ketma-ket qiz tug‘ilsa, ularning biriga O‘giloy, Ulbo‘lsin, Uljon, O‘g‘ilcha kabi ismlar qo‘yishadi. Go‘yoki shu ism tanlangan qizdan keyingi farzand o‘g‘il bo‘ladi deb ishonishgan. Aksariyat hollarda shunday bo‘lgan ham. Ammo bu aynan shu ism qo‘yilgani uchun emas, Allohning inoyati ila bo‘lgani shubhasiz. Bir ism bilan keyingi farzandning jinsini oldindan belgilash haqidagi qarashni din ham, ilm-fan ham tasdiqlamasligi shubhasiz.

Ayrim holatlarda yuqoridagi ismlar bilan bir qatorda Kifoya, Kifoyat kabi ismlar ham uchrab turgan. Bu 3-4 qiz farzand tug‘ilganidan keyin «shuncha qiz kifoya qiladi, yetadi» degan maqsadda tanlangan ism bo‘lgan. Xalqimizdagi bu o‘ziga xos «standart»ni, otalarning hech bo‘lmasa bittagina o‘g‘il farzand istashini atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov «Otdoshlarimga» deb nomlangan quyidagi she'rida tushuntirgan.

Chaqaloqni yo‘rgakka tugib,
«Yana holva», deganda doya
Ota, endi o‘g‘il kerak, deb
Qiziga nom qo‘ydi: Kifoya.

Boshqa tomondan qiz farzand ota-onaga, yaqinlariga mehribonroq bo‘lishi ham bor gap. Ba'zi xonadonlarda qizning o‘g‘li bobo-buvilariga o‘g‘ildanda mehribonroq bo‘lib, ularga g‘amxo‘rlik qilganiga guvoh bo‘lganmiz. Albatta har kim qay jinsdagi farzandni xohlashi uning huquqidir. Ammo o‘g‘il ham farzand, qiz ham. Ularning qay birini sizga berilishi bu Yaratganning xohishi. Ko‘p takrorlanganidek, siz o‘g‘il-qizga ajratayotgan bir vaqtda qanchadan-qancha insonlar tirnoqqa zor bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, qizingiz ko‘p bo‘lsa ularga mehr bering, avaylab-asrang. Ularga O‘g‘iloy, Ulbo‘lsin kabi ismlarni qo‘ysangiz, qizingiz voyaga yetgach, «demak, ota-onam qiz xohlamagan, bizning o‘g‘il bo‘lishimizni istagan ekan» deb qayg‘uga botishi mumkin. Yaxshisi, o‘g‘ilmi qizmi har qaysi farzandingizga o‘zi uyalmaydigan, ham jarangdor, ham maʼnoli ismlar qo‘ying. 

Maqolamizni shoir Muhammad Yusufning qiz farzandlar haqidagi «Qizlar qo‘shig‘i» nomli she'ri bilan yakunlaymiz.

Ayting kimning paymonasi to‘lmagan,
Qiz bor — ota yot bag‘irda o‘lmagan.
O‘g‘lim yo‘q deb o‘kinganlar — johillar,
Hatto, Payg‘ambarning o‘g‘li bo‘lmagan!
Bilib ayting aytganda har so‘zingiz,
Qay o‘g‘ildan kamdir, ayting, qizingiz?!

Sherali Soliyev

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img