Bir ota o‘g‘lining xulqini o‘rtoqlaridan surishtiribdi. Qarasa, ularning orasida bir-ikki tarbiyasizi bor ekan. Ota o‘g‘lini chaqirib: “O‘rtoqlaring ichida ayrimlari biroz noqobil ko‘rinadi. Ulardan ehtiyot bo‘l”, debdi.
Shunda o‘g‘il: “Ularni yaxshi bilaman, hammasi odobli bolalar, mening necha yillik qadrdonlarim-ku”, debdi.
Kunlar o‘tib, ota o‘g‘liga nasihati kor qilmaganini ko‘rib, tarbiyaning boshqa yo‘lini tutibdi va: “Boqqa kirib, olmalarni bitta qoldirmasdan terib chiq. Tozasiyu chirigini aralashtirib, omborga joyla”, debdi. O‘g‘il otasiga olmalarni aralashtirib bo‘lmasligini, bir-birini chiritishini har qancha tushuntirsa ham, ota o‘z gapida turib olibdi. O‘g‘il noiloj omborga joylab chiqibdi. Oradan 10–15 kun o‘tib o‘g‘liga olmalarni olib chiqishni buyuribdi. Kirsa, hamma olma chiriy boshlabdi. Shunda o‘g‘il: “Mana, qo‘shmaylik desam ham, qo‘sh dedingiz, hammasi aynibdi”, debdi. Ota o‘g‘liga: “Ha, o‘g‘lim olmani chirigi tozasini buzibdimi, odam ham shunday – yomoni yaxshisini buzadi. Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi”, debdi.
Hamidulla Abdulazizov