Meni kechir, jon bolam!

14.05.2024 01:19
eye icon234
Meni kechir, jon bolam!
5-sinfda o‘qiydigan kichik qizimni sinfdoshlari, ikki o‘g‘il bola xafa qilibdi. Ayasiga yig‘lab telefon qildi, yonida edim. Tushundimki, birinchi marta emas, oldin ham shunaqa holatlar bo‘lgan. Qizim tinchlantirilgan, o‘qituvchisidan iltimos qilingan, ota-onalarga tushuntirilgan...

Albatta, hech kim o‘z bolasini yomon demaydi. Lekin qizim juda odobli va birovga ozori tegmaydigan, o‘zim bilaman buni. O‘g‘il bolalar sho‘xlik qilishi ham tabiiy, o‘zimiz ulg‘ayguncha qizlarimizni necha marta xafa qilib yig‘latganmiz. Lekin baribir otaman, qizimning ko‘z yoshlari qattiq ta'sir qildi, onasining qarshiligiga qaramay maktabga bordim. Ikki bolani chaqirdim. Sho‘xligi qaynab turgan beg‘ubor polvonlar...

O‘zlariga gapirsam boshqacha qabul qilinadi, shu bois so‘roqqa tutdim:
– Dadangning nomerini ber, gaplashaman!
Ko‘zlari katta-katta bolaning ko‘zlari yanayam katta-katta bo‘lib ketdi. Sekin erga qarab dedi:
– Bilmayman nomerlarini...
Gap otasiga etmasligi uchun aldayapti deb o‘ylab yanayam qattiqroq so‘radim:
– Ber dedim, baribir topaman!
Bolaning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Negadir teskari qarab ko‘ksini mushtlab-mushtlab yig‘lay boshladi. Uni ko‘rib sherigi ham yig‘ladi va o‘rtog‘ini ovutdi:
– Yig‘lama...
Ustozining oldiga olib chiqib har ikkisini koyidim, ogohlantirgan bo‘ldim. 

Pastga tushsam ayolim kutib turgan ekan. Darhol oldimga keldi:
– Qattiq gapirmadingizmi? Telefon qilsam olmadingiz. Men ham hozir bildim, u bolaning otasi yo‘q ekan...

Tor dunyo ko‘zlarim oldida ikki karra toraydi. Bolaning ko‘ksini mushtlab-mushtlab yig‘lashi ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Qaytib to‘rtinchi qavatga yugurdim. Ustozining qarshiligiga qaramay bolakayni yana chaqirib oldim. Quchoqladim, ko‘zlarim to‘ldi:
– Meni kechir, jon bolam... Bilmagandim. Nega aytmading?! Kechir meni!
Bola oldingidan ikki karra ko‘proq yosh oldi ko‘ziga. 
– Aytolmadim...

Qanday bedodlik qildim. Otasiz bola oldiga qizimning himoyachisi – OTA bo‘lib kelib, ko‘nglini bir o‘ksitdim. Keyin otasini do‘qlab surishtirib, bu dardni ikki qildim.

– Endi senga begona emasman. Do‘st bo‘linglar. Agar biror muammong bo‘lsa menga ayt, qo‘limdan kelsa yordam beraman. Faqat meni kechir...

Bir olam yuk bilan pastga tushdim. Bungacha onasi ayolimga telefon qilgan ekan. Menga ham bog‘lanib xafa bo‘ldi tabiiyki. Uzrimni so‘radim yana bir bor. 
Haligacha ko‘z o‘ngimda o‘sha bolakay...

Abror Zohidov

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img