“Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab beriladi

14.05.2024 01:09
eye icon39
“Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab beriladi
Yirik mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona Jurabek laboratories taʼsischisi, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva Oʻzbekistonda eng kamida 68 nafar bolaning oʻlimi va 16 nafar bolaning nogiron boʻlib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga sud tomonidan belgilangan 75 milliard 756 million soʻm miqdoridagi maʼnaviy zararni toʻlab berish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, korxonaning ayni kundagi direktori, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan.

Men zararli dorilar taʼsiridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning ogʻriqli yaralariga biroz boʻlsa-da malham boʻlishi uchun hamda oʻgʻlim S.Kariyevning qismatini yengillatishga erishish uchun hozirda oʻzim rahbarlik qilayotgan Jurabek laboratories MCHJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan maʼnaviy zararlarni toʻlab berishga yoʻnaltirmoqchiman, — deyiladi Munira Kariyevaning sudga bergan arizasida.
Oʻgʻli taqdiridan tashvishlanayotgan onaning bitiklarida katta miqdordagi mablagʻni “Jurabek laboratories” MCHJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berib berish imkoni yoʻqligi taʼkidlanib, “Hozirgi kunda “Jurabek laboratories” MCHJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bogʻliqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan koʻpgina dori vositalarini mahalliylashtirib, oʻzimizda ishlab chiqarilishi bilan bogʻliq jarayonda ham “Jurabek laboratories” MCHJ yetakchilik qilayotgani bois sud hukmida koʻrsatilgan maʼnaviy zarar uchun toʻlanishi kerak boʻladigan mablagʻlarni korxonaning asosiy faoliyatiga taʼsir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening maʼnaviy huquqim ham yoʻq”, — deyiladi va pul toʻliq toʻlanishi uchun 3 yillik muddat soʻraladi.

Men Jurabek laboratories MCHJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega taʼsischi sifatida bu mablagʻlarni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin boʻlgan divident mablagʻlari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni toʻgʻri taqsimlagan holda 3 yil muddat ichida boʻlib-boʻlib toʻlagan holda sud hukmida belgilangan maʼnaviy zarar toʻlovlarini toʻliq toʻlab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa oʻgʻlim S.Kariyevga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipsini qoʻllab, unga nisbatan tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida yengillik berilishi va uni ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman, — deydi Munira Kariyeva.
2022-yilning oktyabr, noyabr va dekabr oylarida bolalar shamollashiga qarshi qoʻllangan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropi 2023-yilning yanvar oyida mamlakatda “Dok-1 Maks” fojiasi sifatida boʻy koʻrsatdi. Fojianing dastlabki qurbonlari haqida xabar berganmasʻullar marhum bolalar soni 65 nafar ekanini ochiqlagan boʻlsa, keyinchalik bu raqamlar 68 nafarga yetgani maʼlum boʻldi. 2022-yilning dekabr oyida tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgan bemorlarda turli nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi ushbu vaziyatni darhol nazoratga oldi. Zaharli sirop haqida jamoatchilikka oshkor qilgan Samarqand viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachining yozishicha, ikki oyda 21 kishi shu dori vositasi qabulidan soʻng shikoyat qilgan. 17 nafar bolaning ahvoli oʻta ogʻir boʻlib, ularning 15 nafarida oʻlim holati kuzatilgan.

2024-yilning 26-fevral kuni Oʻzbekistonda 68 nafar bolaning oʻlimi, 16 nafar bolaning nogiron boʻlib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” ishi boʻyicha sudning yakuniy hukmi eʼlon qilingandi. Hukmga koʻra, sudlanuvchilarning 7 nafari ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, 14 nafarining ozodligi cheklandi. Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan boʻlsa, yana bir nafari 17 million soʻmlik jarimaga tortilgan. 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard soʻmdan tovon puli undirilishini belgiladi. Ogʻir tan jarohati olib nogiron boʻlib qolgan 16 nafar va yengil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga 500 million va 200 million soʻm miqdorida tovon puli undiriladigan boʻldi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logox-social-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img