Poytaxtimizda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Sogʻliqni
saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning Bolalarni saraton kasalligidan
davolash uchun dori vositalari bilan taʻminlash boʻyicha Global platformasida
ishtirok etishi toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unga asosan yurtimizning 14 ta tibbiyot muassasasi saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun sifatli dori vositalarini uzluksiz qabul qilishi hamda ularni bu yoʻnalishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi koʻzda tutilgan.
Dunyoda birinchi boʻlgan ushbu platforma JSST va AQShning Sent-Jud bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasining loyihasi boʻlib, bolalarni moliyaviy qiyinchiliklarsiz xavfsiz, samarali va sifatli saratonga qarshi dori vositalari bilan taʻminlashga qaratilgan. Oʻzbekiston unda ishtirok etuvchi mamlakatlardan biri sifatida tanlangan.
Kelgusi olti yil ichida Sent-Jud shifoxonasi Global platformaga 200 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.