Farzandlar sogʻlom oʻsishi uchun ularning toʻgʻri ovqatlanishi bilan birga, jismoniy faolligi muhim ahamiyatga ega.
Shu bois ota-onalar oʻgʻil-qizlari uchun sport toʻgaragi tanlashda ularning yoshi, boʻyi, jismoniy imkoniyatlari, xohishi va ayniqsa, mavjud kasalliklarini inobatga olishi zarur.
— Xususan, 3 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan faqat badantarbiya mashqlari bajariladi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi boʻlim boshligʻi Barno Odilova. — 4-5 yoshli oʻgʻil-qizlarni esa avval gimnastik mashgʻulotlarda “toblab”, tanasini chiniqtirish maqsadga muvofiq. Sababi bu yoshdan keyin suyakning qayishqoqligi kamayib, bola koʻpgina mashqlarni bajarishga qiynaladi.
Insonning asab tizimi
asosan 5-6 yoshdan mustahkamlana boshlashini inobatga olsak, sport bilan shugʻullanish
uchun bu palla eng maqbul davr hisoblanadi. Chunki bola bu vaqtda murabbiy bergan
vazifalarni bajara oladigan yoshga etadi.
6 yashar bolaning xohishiga koʻra istalgan sport toʻgaragiga berish mumkin. Ammo bu davrda ular uchun eng foydalilari — suzish, badiiy gimnastika va futbol.
Bolalarda koʻp uchraydigan skolioz kabi xavfli kasalliklarni 6-12 yoshgacha suzish, turnikda mashqlar bajarish va engil atletika yordamida davolash mumkin. Koʻrish qobiliyati past oʻgʻil-qizlar esa 9-11 yoshda stol tennisi va katta tennis bilan faol shugʻullanishi lozim.
Salomatlik uchun barcha sport turi foydali boʻlsa-da, ulardan ayrimlarini maʻlum davrlarda cheklash maqsadga muvofiq.
Masalan, tanasining rivojlanishi kechikayotgan 12-14 yosh oraligʻidagi oʻgʻil-qizlarga karate, taekvondo, dzyudo kabi ogʻriq beruvchi usullarga boy sport turlari tavsiya etilmaydi. Aks holda bolaning boʻyi oʻsmay qolishi mumkin.
Xuddi shunday 9-12 yoshda ogʻir atletika bilan shugʻullanish ham maʻqul emas. Chunki bu bolaga “ogʻirlik” qilib, buyragi atrofini yogʻ
qoplashiga olib keladi.