O‘qituvchilar attestatsiyadan o‘ta olmasa, ishdan bo‘shatiladimi?

28.04.2024 13:00
eye icon288
Oʻqituvchilar attestatsiyadan oʻta olmasa, ishdan boʻshatiladimi?

Pedagoglar attestatsiyaga uzrli sababga koʻra kelmasa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi.

1. Mutaxassis lavozimidagi oʻqituvchi attestatsiyadan oʻta olmasa ishdan boʻshatilishi mumkin

Mutaxassis (oliy maʻlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagoglar navbatdagi attestatsiyadan oʻta olmaganda, ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli uni ishdan boʻshatishi mumkin.

2. Attestatsiyadan oʻta olmagan mutaxassisga 3 marta imkon beriladi

Attestatsiyadan oʻta olmagan mutaxassis ishdan boʻshatilmaganida, u navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan 3 marta jalb etiladi.

Bunda 3 martadan birortasida ham attestatsiyadan oʻta olmasa yoki uzrli sababsiz (kasallikka chalinish hamda davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligidan tashqari) attestatsiyada ishtirok etmagan pedagog xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli ishdan boʻshatiladi.

3. Attestatsiyaga uzrli sabab bilan qatnashmasa, attestatsiya qoldiriladi

Pedagoglar attestatsiya uzrli sababga koʻra kelmasa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi.

Quyidagilar uzrli sabab deb topilishi mumkin:

  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik;
  • davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganlik;
  • respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganlik;
  • vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda boʻlganlik;
  • yaqin qarindoshining vafoti;
  • davlat organi yoki direktorlarning maʻlumotnomasida koʻrsatilgan boshqa asoslar.

4. Uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada qatnashmaslik ishdan boʻshatishga asos boʻlishi mumkin.

Pedagoglar uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada ishtirok etmaganda, u attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda uning tegishli malaka toifasi (lavozimi) bir pogʻona tushiriladi.

Uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada ishtirok etmagan mutaxassis (oliy maʻlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda u ishdan boʻshatilishi ham mumkin.

5. Attestatsiya natijalariga koʻra oylik maoshdagi oʻzgarishlar avtomatik hisoblanadi

Attestatsiya tugaganidan soʻng bir oyda natijalarga koʻra oliy, birinchi va ikkinchi malaka toifalari hamda bosh, yetakchi va katta oʻqituvchi lavozimlari berilgan pedagoglarning roʻyxati tasdiqlanadi hamda roʻyxatga asosan pedagoglarga QR-kod qoʻyilgan sertifikatlar beriladi.

Attestatsiya natijalariga koʻra malaka toifasi (lavozimi) oshirilgan yoki saqlangan, malaka toifasi (lavozimi) tushirilgan pedagoglarning oylik ish haqlariga kiritiladigan oʻzgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun natijalar UzASBO bilan integratsiya qilinadi.

6. Attestatsiya sertifikati elektron beriladi

Pedagoglar davlat xizmatlari markaziga borib yoki my.gov.uz portali yoxud Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinetdan elektron sertifikatni yuklab olishi mumkin.

Pedagogning oyliklari miqdori, ularning malaka toifasi yoki lavozimi sertifikat asosida belgilanadi hamda ularning ish haqlari sertifikat yaratilgan kundan boshlab qayta hisoblanadi.

7. Natijalardan norozi boʻlganlar 10 kunda appelyatsiya berishi kerak

Attestatsiya natijalaridan norozi boʻlgan pedagoglar natijalar eʻlon qilingan kundan boshlab 10 kunda apellyatsiya komissiyasiga yozma ariza (shikoyat) berishlari mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi attestatsiya boshlangandan keyin oʻn kunda 7 kishidan iborat tarkibda tuziladi.

Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish yozma yoki vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.

Apellyatsiya komissiyasining murojaatlarni masofadan turib onlayn tarzda koʻrib chiqish vaqtlari toʻgʻrisidagi maʻlumotlar vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

8. Appelyatsiyani koʻrish jarayonida pedagoglar qatnashishi mumkin

Ariza (shikoyat) roʻyxatga olingan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqiladi.

Murojaat etuvchi murojaati koʻrib chiqilishi jarayonida bevosita yoki masofadan turib onlayn ishtirok etishi mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi murojaatni koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

  • pedagogning toʻgʻri baholanganligi, oʻquv fani boʻyicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar, shuningdek, sinovlarni oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda, attestatsiya natijalarini oʻzgartirishsiz qoldirish;
  • pedagogning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligi notoʻgʻri baholanganligi, oʻquv fani boʻyicha test yoki malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, attestatsiya natijalarini oʻzgartirish;
  • oʻquv fani boʻyicha test yoki malaka sinovlarini oʻtkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, test sinovlarining qaytadan topshirilishini tashkil etish.

Apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi murojaat etuvchi pedagogga qaror chiqqan kundan eʻtiboran 5 kunda beriladi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img