Qoʻshma Shtatlarda bolalar bogʻchasi va taʻlim dasturini tanlash koʻpincha oilaning moliyaviy imkoniyatlarga bogʻliq. Mamlakatda bolalar bogʻchalarining bir nechta asosiy turlari mavjud.
Xususiy bogʻchalar. Bu turdagi bogʻchalar bolalarni tarbiyalashda turli xil dasturlar va yondashuvlarni taklif qiladi. Ularning egalari xususiy shaxslar yoki notijorat tashkilotlari boʻlishi mumkin.
Davlat bogʻchalari. Oʻz-oʻzidan davlat bogʻchalari bepul maktabgacha taʻlimni taqdim etadi. Biroq Amerikada har bir shtatning oʻz qonun-qoidalari borligini inobatga olsak, mahalliy siyosatga qarab davlat bogʻchalari ham pullik xizmatlarni taklif qilishi mumkin.
Dinga aloqador bogʻchalar. Baʻzi diniy tashkilotlar diniy taʻlim va qadriyatlarga urgʻu beradigan bolalar bogʻchalarini taklif qilishadi. Dindor oilaning farzandlari odatda mana shu turdagi bogʻchalarda maktabgacha taʻlim olishadi.
Uy bogʻchalar. Mazkur bogʻchalar boshqalar kabi alohida binoda, alohida muassasa sifatida faoliyat yuritmaydi. Ular taʻlim va bolalarga gʻamxoʻrlik qilish uchun oʻz yashash xonadonining bir qismini ajratishadi va taʻlim jarayonida oʻz shaxsiy yondashuvini taʻminlashi mumkin. Yaʻni hukumat tomonidan belgilab berilgan dastur asosida emas, oʻzlarining uslublarida taʻlim berishlari ham mumkin boʻladi.