Qonunchilikka ko'ra, haftaning har seshanba va juma kunlari 18 yoshgacha bo'lgan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchi ota-onalar (yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar) Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini kirib ko'rish uchun davlat muzeylariga bepul kiritiladi.
18 yoshgacha bo'lgan bolalarning davlat muzeylarida turgan Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kollektsiyalarini bepul kirib ko'rish quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
– muzey tematikasiga mos holda tegishli o'quv fanlari mavzulariga oid mashg'ulotlar tashkil etish hamda o'quvchilar tomonidan o'zlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash;
– muzeylarda milliy bayramlar, qadriyatlar hamda buyuk siymolar hayoti va ijodiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, kechalarda ishtirok etish va ko'rgazmalar hamda ekspozitsiyalarni kirib ko'rish;
– bolalarning dam olishini mazmunli tashkil etish, ularda tarixiy o'tmishni hurmat qilish va qadriyatlarni e'zozlashni shakllantirish.
Davlat muzeyiga 18 yoshga to'lmagan bolalar va aholining bepul kirishi hisobini yuritish maxsus jurnal asosida amalga oshiriladi. Jurnal shakli Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan tasdiqlanadi.