Joriy yilning 16-aprel kuni Termiz shahrida Surxondaryo viloyati hokimligining maʻmuriy binosi oldida joylashgan istirohat bogʻida attraktsionning trosi uzilib ketdi. Baxtsiz hodisada 2 nafar bola va 2 nafar ayol jabrlangan.
Togʻ-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi holat yuzasidan rasmiy maʻlumot berib, jumladan, Termiz shahridagi mazkur istrohat bogʻi «Termiz avenue park» MChJga qarashli boʻlgani, oʻsha kuni bogʻdagi «Quvnoq tepalik» attraksionida 4 kishilik oʻrindigʻi sinib joyidan yerga qulab tushish natijasida 4 nafar fuqaro turli xil tan jarohatlari olishganini bildirdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 18-aprelda roʻyxatga olingan amaldagi «Attraktsionlardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish qoidalari»ga asosan ushbu bogʻdagi mazkur attraktsion mavsum oldidan toʻliq texnik shahodat sinovlaridan oʻtkazilmagan (qoidaning 4-bob, 28-bandi). Attraksionlarning soz holati va ulardan xavfsiz foydalanish uchun masʻul boʻlgan shaxs ham tayinlanmagan (qoidaning 4-bob, 31-bandi). Shuningdek, attraksionni mavsumga tayyorligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma tuzilmagan (qoidaning 4-bob, 34-bandi).
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning bildirishicha, hodisada jabrlanganlar – 11 va 15 yoshli qizlar hamda 27 va 29 yoshli ayollar boʻlgan.
Ulardan 2 nafari Qozogʻiston fuqarolari boʻlgan. Jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filialiga yotqizilgan.
Hozirda holat yuzasidan Termiz shahri IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.