Hozirgi davrda ayrim onalar oʻzlarining qulayliklarini oʻylab, tagliklardan juda ham koʻp foydalanishmoqda. Mutaxassislar bolaga qanchalik koʻp taglik taqilsa, uning salomatligiga shuncha salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini taʻkidlashmoqda.
Tagliklarning zarari yoki foydasini muhokama qilishdan avval ularning nima ekani va qanday ishlashiga toʻxtalish lozim. Taglikdagi maxsus toʻqimadan tashkil topgan mato namlikni oʻziga shimib oladi. Bola taglikka peshob yoki axlat chiqarganda uni oʻsha maxsus mato oʻziga oladi. Lekin shunda ham taglikni zudlik bilan almashtirish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan, “chidamli” ekani aytilayotgan tagliklar ham bir martalik. Taglikning xususiyatini qancha koʻp maqtashmasin, lekin bu bir martalik qoʻllaniladigan taglik boʻlib qolaveradi. U peshobni oʻziga tortgach eng kamida ogʻirlashadi va bolaning yurishiga halaqit bera boshlaydi.
Baʻzilarda tagliklarni tez-tez alishtirishga mablagʻ etmasligi mumkin, ammo bu taglikni yuvib-yuvib ishlatishga, yoki kun davomida bitta taglikni almashtirmay yurishga sabab boʻlolmaydi. Farzandingizning salomatligi kerak boʻlsa, uning tagligini tez-tez almashtirganingiz yoki umuman foydalanmaganingiz maʻqul. Chunki tagliklar oʻgʻil bolalarning jinsiy aʻzosi issiqqa chidamsiz boʻlganligi tufayli unga salbiy taʻsir qilishi mumkin. Agar siz taglikni bolaga soatlab kiydirib qoʻyadigan boʻlsangiz, taglikning ichida issiq harorat hosil boʻladi va havo aylanmaydi. Bundan tashqari taglikdagi choʻziluvchan tasmalar bolani qisib iz qoldirishi mumkin.
Bugungi kunda oʻgʻil bolalarning jinsiy aʻzosi bilan bogʻliq muammolar koʻp yuzaga kelmoqda. Shuning uchun ham aziz ota-onalar tagliklardan qancha kamroq foydalansalar shunchalik bolaga foydali boʻladi.
Shuningdek, ota-onalar bolalari bilan aylanishga chiqishganida unga taglik kiydirib olishadi. Natijada, taglik 2-3 soat mobaynida echilmaydi. Bola esa bu taglikka peshob va axlat chiqaradi, ular aralashib bolaning orqa qismini bakteriyalar bilan zararlaydi. Agar taglikka axlat chiqarilgan boʻlsa va taglik zudlik bilan almashtirilmasa bola terisini zararlashni boshlaydi. Bugungi kunda bu kabi kasallik koʻp uchraganligi bois bolaning teri va orqa qismi, jinsiy aʻzosi qizarib, yiringlashni boshlaydi. Keyinchalik esa ichki aʻzolarning rivojlanmay qolishi, jinsiy aʻzolarning shamollashiga olib keladi. Hatto, holatga beeʻtibor qarasangiz, bolangiz bepushtlikka uchrashi mumkin. Shuning uchun ham zarurat tugʻilgandagina, tagliklardan foydalaning.
Tibbiyotda tagliklardan 2 soatdan ziyod foydalanish taqiqlangan. Ammo ayrim onalar bolalarini tunda yotishidan avval taglik kiydirib tongacha alishtirishmaydi. Bu ham muammoning bir koʻrinishi. Kechki kiydiriladigan tagliklardan koʻra, tabiiy matodan tikilgan ishton kiydirish maslahat beriladi.