Bolani oʻqishga
qiziqtirishda nima uchun mukofotlar bilan ragʻbatlantirish ish bermaydi, uning
oʻrniga qanday yoʻl tutish kerakligini bilmoqchi boʻlsangiz, quyidagi tavsiyalari siz
uchun.
Ichki motivatsiya haqida kamdan-kam
bosh qotiramiz. Bizning samimiy xohish-istaklarimiz, holatimizni tushuntirish uchun
birgina soʻz etarli - "istayman". Bolalar oʻzlariga yoqadigan guruhning qoʻshigʻini
bajonidil tinglashadi, oʻz qoʻllari bilan biror narsa yasashadi yoki sarguzasht
romanlar oʻqishadi, chunki ularga shunday qilish yoqadi.
Tashqi motivatsiya har xil boʻladi -
choʻntak pullaridan tortib, to maktabdagi baholargacha. Buni bir gap bilan izohlash
mumkin: "Mana bunday qilsang, buni qoʻlga kiritasan".
Psixolog Alfi Kon "Mukofot
bilan jazolash" kitobida nafaqat ota-onalarni, balki oʻqituvchilarni ham
turli imtiyozlarni qoʻllashdan ogohlantiradi. Baʻzi ota-onalar farzandi yaxshi oʻqishi
uchun hayvonot bogʻiga olib borishni vaʻda qilishadi, boshqalari qimmatbaho
gadjetlarni xarid qilishadi va hatto pul ham berishadi. Muammo shundaki, bu usul
ish bermaydi: oʻquvchi shunday oʻqishda davom etaveradi, boz ustiga, vaʻda qilingan
narsaga erisha olmagani uchun yaqinlaridan xafa ham boʻladi!
Oʻqituvchilar koʻrinishidan olijanob
usullar bilan ishtiyoqni oshirishga harakat qilishadi: turli maqomlar (oyning eng
yaxshi oʻquvchisi) joriy qilishadi, yaxshi oʻqiydiganlar uchun imtiyozlar yaratishadi.
Koʻpincha shunday boʻladi: oyning eng yaxshi oʻquvchisi asosan bir oʻquvchi boʻladi,
imtiyozlar esa odatda tarkibi oʻzgarmaydigan oʻquvchilar doirasiga beriladi. Qolgan
oʻquvchilar esa oʻzlarini omadsizdek his qilishadi.
Nima uchun tashqi
motivatsiyani oshirish ish bermaydi?
Biz "Mana bunday qilsang, buni
qoʻlga kiritasan", degan paytimizda bola dastlab vaʻdani ishtiyoq bilan qabul
qiladi. Shu bilan birga, unda oʻzini oʻzi himoyalash instinkti ham ishga tushadi.
Bola muammoni hal qilishning ijodiy
usulini emas, eng ishonchli va qisqa yoʻlini izlay boshlaydi.
U oʻziga oʻzi savol beradi:
"Tavakkal qilib, nazorat ishini oʻzim yozishimga ne hojat? Yaxshisi,
aʻlochilardan koʻchirib olaman, shunisi ishonchliroq". Qarabsizki, maqsadlar
oʻzgarishi roʻy beradi: bilim olish uchun oʻqish emas, mukofot olish uchun oʻqish.
Tashqi motivatsiya zoʻr ishlashi mumkin,
faqat ichkisi bilan birga. U oʻz-oʻzidan oldinga harakatlanmaydi, shunchaki
"ishni uddalash", tezroq xohlagan narsasiga erishishga majbur qiladi.
Oʻqishga boʻlgan qiziqishga nima taʻsir
qiladi?
Kon motivatsiyaga taʻsir koʻrsatuvchi
uch omilni ajratadi:
1. Kichik yoshdagi bolalar oʻqishga
tayyor va ular buning uchun hech narsa talab qilishmaydi. Ularda ichki motivatsiya
kuchli rivojlangan boʻladi: ular oʻzlariga qiziq boʻlgani uchun ham oʻqib oʻrganishadi.
2. Ichki motivatsiyani saqlab qola
olgan bolalar samarali oʻqishadi. Qolganlarni esa uddalay olmaydi deb hisoblashadi,
biroq bunday emas. Baʻzi maktab oʻquvchilari faqat past baho olishsa-da, boshqa sohalarda
oʻzlarini ijobiy namoyon etishadi. Masalan, sevimli xonandasining oʻnlab qoʻshiqlarini
yoddan bilishadi (matematikada esa koʻpaytirish jadvalini eslay olishmaydi). Yoki
fantastikani berilib oʻqishadi (klassikaga esa qoʻl tekkzishmaydi). Ularga shu qiziq.
Ichki motivatsiyaning mohiyati ham shundadir.
3. Imtiyozlar ichki motivatsiyani yoʻqqa
chiqaradi
Psixologlar Kerol Eyms va Kerol
Duek ota-onalar hamda oʻqituvchilar qandaydir imtiyozga urgʻu berishganda
bolalarning qiziqishi darhol soʻnishini aniqlashdi.
Nimadan boshlash kerak?
Oʻqishga motivatsiyani qaytarish — uzoq
jarayon va buning muvaffaqiyati asosan ota-onaga bogʻliq. Kattalar eng avvalo uch
narsa haqida bosh qotirishlari kerak: mazmun, hamkorlik va tanlov erkinligi.
1. Mazmun. Bola talabimizni
bajarmaganida biz uning xatti-harakatlariga taʻsir koʻrsatish usullarini qidiramiz.
Yaxshisi, talabingiz qanchalik toʻgʻri ekani haqida oʻylab koʻring. Farzandingiz
fizikadan faqat "4" va "5" olmasa, buning hech qanday qoʻrqinchli
joyi yoʻq. Bolalar "shovqin qilmaslik" borasidagi talabimizni "quloqsiz"
ekanliklari uchun emas, oʻz yoshlarining psixologik xususiyatlari sababli rad etishadi.
2. Hamkorlik. Afsuski, bola bilan
muloqot qilish kontekstida bu soʻz koʻp ota-onalar uchun notanish. Biroq
farzandlaringiz qancha katta boʻlganlari sari, ularni shuncha koʻp hamkorlikka jalb qilishingiz
kerak. Muhokama qilish, tushuntirish berish, birga rejalar tuzish kerak. Bola bilan
katta odamdek suhbatlashishga harakat qilib koʻring. 15 yoshli bolaning kosmonavt
boʻlish orzusiga beeʻtibor boʻlish kerak emas. Nima uchun buning ilojsiz ekanini
xotirjam oʻtirib tushuntiring. Ehtimol, oʻgʻlingiz sizning soʻzlaringiz orasidan
oʻsish uchun ichki motivatsiya topa olar.
3. Tanlov erkinligi. Bola oʻzini
jarayonning bir boʻlagidek his qilishi kerak, shunda u muammo echimini topishga masʻuliyat
bilan yondashadi. Farzandingiz oʻzini yomon tuta boshlasa, undan buning sabablarini
soʻrang. Siz "shundoq ham gap nimadaligini bilaman" deyishingiz mumkin,
shunday boʻlsa-da, urinib koʻring. Ehtimol, uning javobi sizni ajablantirar.
Ichki motivatsiyani
izlaymiz
Bolaning ichki holatini toʻgʻirlash
oson emas, shunga qaramay, bu yoʻnalishdagi saʻy-harakatlar oʻz mevasini berishi
mumkin.
1. Farzandingizni qabul qilishni
oʻrganing. Masalan, qizingizning yangi imdji sizga yoqmasligi mumkin, lekin siz
uni qabul qilishingiz kerak. Boshqacha aytganda, gap erkalatish emas, tushunish haqida
bormoqda.
2. Samimiy suhbatlashing. Agar
farzandingiz bilan qalban etarlicha yaqin boʻlsangiz, dastlab u bilan shunchaki suhbatlashing. Uning nimalarga qiziqishi hamda
oʻqishda qanday muammolar yuzaga kelayotgani haqida soʻrang. Vaziyatdan chiqish yoʻlini
birga toping.
3. Bolaga hayotdagi maqsadi borasida
bir toʻxtamga kelishga yordam bering. Koʻpincha ichki motivatsiya boʻlmaydi, chunki bola
bu formulalar, oxiri yoʻq qoidalar va teoremalarning nima uchun kerakligini
tushunmaydi. Farzandingiz maktabni tugatganidan keyin nima bilan shugʻullanishi
istashi borasida bir toʻxtamga kelishi muhim. Buni tushunishga ota-ona bilan uzoq suhbatlar,
professional yoʻnalish boʻyicha maslahatlar va oʻsmirlar uchun kitoblar yordam beradi.
4. Oʻquv jarayonini bolaning qiziqishlari
ustiga quring. Oʻqishda bolaning samimiy qiziqishlari (ichki motivatsiyasi)ni
maktabdagi darslar bilan birlashtirishga harakat
qilish kerak. Bu jarayon individual va ota-onalar tomonidan katta eʻtibor talab qiladi.
Masalan, ingliz tilini sevimli filmingiz yordamida oʻrganishingiz mumkin.
Kompyuter oʻyinlarini juda yaxshi koʻruvchi oʻsmirni esa dasturlash va u bilan bogʻliq
bilimlar qiziqtirishi kerak.
Boladan ichki motivatsiyani tortib chiqarish
— eng muhim vazifalardan biri. Zukko, dono, farzandining hayotiga samimiy qiziqadigan
ota-ona uchun esa bu muammo emas.