Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko'ra, Jizzax shahridagi 5-umumta'lim maktabida boshlang'ich sinf o'qituvchilari «Tashabbusli budjet» uchun ovoz berishga majburlanayotgani haqida murojaat qilishgan.
Murojaatga ilova qilingan izoh va ekran suratlaridan ma'lum bo'ladiki, «Boshlang'ich korpus zavuchi» ekani aytilgan Janna Tangriqulova o'qituvchilardan ovoz yig'ishda faol bo'lishni talab qilgan. Shuningdek, Tangriqulova Jismoniy tarbiya va Musiqa darslari o'tilmasligi va hamma erkak o'qituvchilar ish kiyimida hasharga jalb etilishi yozilgan.
20 mart kuni darslar tugab, o'quvchilar ta'tilga ketishganidan keyin esa o'qituvchilar qolib, maktabni tozalashlari ham qo'shimcha qilingan.
Ushbu murojaatni e'lon qilib, unga o'z munosabatini bildirgan telegram kanallaridan biri «Tashabbusli budjet» uchun ovoz to'plashni tilanchilikka qiyoslagan.
«Tilanchilikni vaqti chegaralanganda. Foydalanib qolishlik kerak. Menga qolsa, hamma maktablar taqa-taq yopilib, yoppasiga ovoz to'plashlikka chiqsa zo'r bo'lardi. Lo'lilar ham: Asli tilanchilar kim, deya hayratda qolardi», – deya kinoya qiladi noma'lum shaxs tomonidan yuritiladigan ushbu kanal muallifi.
«Openbyudjet» orqali bir qancha maktablarning ahvoli yaxshilangani bor gap. Bu borada mazkur tashabbusni tanqid qilish o'rinsiz bo'ladi. Ammo o'qituvchining vazifa hamda mas'uliyatlari shusiz ham etarli bo'lganda unga ovoz yig'ishdek qiyin ishni topshirish, qo'shimchasiga ekran surati (skrinshot) orqali har bir ovoz uchun hisobot berishini talab qilish qanchalik o'rinli ekani haqida mulohaza yuritish biroz mushkul.
«Ovoz to'plashning nimasi qiyin?» deydiganlar topilmasa kerak. Ammo kimdadir shunday savol tug'ilgan bo'lsa, ushbu mavsumdan boshlab «Openbyudjet»ga ovoz berishning «narxi» anchayin oshgan. Endi 4-5 ta raqamingiz bo'lsa ham faqatgina bitta ovoz bera olasiz xolos.
Jurnalist Muslim Mirzajonov o'zining Feysbukdagi sahifasida ayni shu mavzuni satira ostiga olar ekan, qizining maktabi uchun ovoz bermoqchi bo'lganida allaqachon uning nomidan rafiqasi boshqa loyihaga ovoz berib bo'lganini yozadi.
Aksariyat oilalarda telefon raqamlar bir yoki bir necha kishining nomida bo'ladi. Asosan, erkaklarning nomiga olinadi. Bir oilada 6 kishi yashasa ham ularda 10 ta raqam bor, lekin shu 10 ta raqam 3 kishining nomida bo'lishi mumkin.
Xulosa qilish mumkinki, hozirda odamlar farzandining maktab yoki bog'chasi, mahallani asfal't qilish, sport maydonchasi qurish va hokazo loyihalarning qaysi biriga ovoz berishni bilmay boshlari qotgan.
Bunday vaziyatlarda o'qituvchilarni talab qilish, muqarrar jazo bilan qo'rqitish darajasida ovoz berishga jalb qilish unchalik ham to'g'ri emas, nazarimizda. Albatta, maktab rivoji uchun hissa qo'shish ularning ham vazifasi, ham shaxsiy xohishi. Lekin buning uchun ota-onalarga maktabning «Tashabbusli budjet»da qatnashayotganini bildirib, ovoz berishni so'rashning o'zi etarli bo'lishi kerak. Har bir ota-onaga qo'ng'iroq qilib, ovoz bergani haqida ekran surati olib, hisobot topshirish ortiqcha.
O'qituvchilarni darslarni bekor qilgan holda hasharga jalb qilish, tozalash ishlarini o'qituvchilarga yuklash esa «o'zimizning eski gaplar». Ayrim o'qituvchilar daraxtlarni oqlash, devorlarni yuvish, ko'chat ekish va hokazo ishlarni allaqachon o'zlarining gardanlarida ekanligiga shubha qilmay qo'yishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda, kitoblarda ko'p ko'zimiz tushgan, ustozlarimizdan eshitgan bir gap bor: «Yaponiyaning bu qadar buyuk davlat bo'lishiga sabab – ular o'qituvchilarning darajasini imperator darajasiga ko'tarishganida».
Imperatorni biz o'zimizga moslab preizdent yoki bosh vazir deb oladigan bo'lsak, ularga yuqoridagi kabi ishlarni yuklashga kimning kuchi etardi? Ustozlarga bo'lgan ehtiromni oshirish uchun ularni mana shunaqa ishlarga jalb qilish emas, jamiyat uchun foydali, mamlakat kelajagini, insoniyat kelajagini hal qilishga qodir insonlarni o'qitishi uchun sharoit yaratish kerak emasmi aslida? Savollar ko'p, ammo bunday vaqtda javob ham, javob beruvchi ham topilmaydi.