"Ramazon aytib keldik eshigingizga..."

13.04.2022 08:00
eye icon2074
"Ramazon aytib keldik eshigingizga..."

Kichik yoshdagi bolalarning uyma-uy yurib ramazon aytganini barchamiz eshitganmiz. Kezi kelganda ularga qanchadir pul yoki biror egulik berganlar, "o'zim ham aytganman", deydiganlar ham topiladi. Bugun bu kabi "urf-odat"ga aylangan ish aslida qanchalar to'g'ri ekanligi haqida suhbatlashamiz.

Avvalo bu masalaga negativ munosabatda bo'ladiganlar haqida gaplashsak. Ayrimlar bolalar bu ishni pul uchun qilishadi deb hisoblab, buning tilanchilik ekanligi, dinimizda esa tilanchiga berilgan pul xarom ekanligini ta'kidlashadi. Darhaqiqat, eng kamida bir kunlik rizqi bor kishilarning tilanchilik qilishi yaxshi emas. Ammo kim ramazon aytgan bolalarni tilanchilik qilyapti deb asoslab bera oladi? Aslida ularni bu ishdan ham cheklash ularni dindan uzoqlashtirish emasmi? Odatda, bular hali yosh bola deb masjidlarga kiritilmaydi, ro'za tutaman desa, baribir chidolmaydi deb bundan ham qaytariladi. Lekin aslida bu bolalarni dinga nisbatan muhabbatdan to'sgan bilan teng.

Masalan, Jazoirning ba'zi hududlarida birinchi marta ro'za tutgan bolalar o'zlarining eng chiroyli milliy kiyimlarini kiyib, uylarning tomida iftor qilishlari va o'zlarining katta muvaffaqiyatlarini quvonch bilan e'lon qilishlari odat tusiga kirgan. Naqadar go'zal an'ana, shunday emasmi?

Huddi shu kabi bolalarning uyma-uy yurib ramazon aytishlari ham bu muborak oyning shukuhi-ku. Ehtimol ularning bu harakatlari imkoni bo'la turib ro'za tutmayotgan biror mo'minga ta'sir qilib, saharlikka turishni odat qilar. Hech bo'lmaganda bolalarning o'zi keyingi ramazonni intiqlik bilan kutishadi, bu oy ular uchun rostmana bayramga aylanadi.

Xususan, "Bolalar olami"ning telegramdagi rasmiy sahifasida o'tkazilgan so'rovnomada ham kuzatuvchilarning katta qismi bu holatga yaxshi munosabatda ekanliklari, Ramazon oyi bolalar uchun bayram bo'lishi lozimligini bildirishdi.

Bundan tashqari, ramazon hayitida bolalarga hayitlik berish masalasini ham tanqid qiladiganlar topiladi. Lekin aksariyat aholisi musulmon bo'lgan Turkiya davlatidada deyarli barcha telekanal hayit kuni bolalarning hayitliklarini alohida mavzu qilib ko'rsatadi. Ularning gaplariga quloq tutadi. Kim qancha pul ishlaganini so'rab, bolalarni yanada shavqlantiradi. Biz esa har ishdan salbiy oqibat izlayveramiz.

Shuni unutmaslik kerakki, ramazon oyi musulmonlar uchun eng katta tantanalardan biri. Bir oy davomida Alloh uchun ro'za tutish, turli gunoh ishlardan nafsni tiyish, Allohni zikr qilish orqali bu oyni go'zal o'tkazmoq lozim. Shuningdek, bolalarni ham shu ruhda tarbiyalab, ramazonni ularning hayotidagi eng baxtiyor damlarga aylantirish eng to'g'ri yo'l bo'ladi.

Maqola muallifi

bolalar olami Logo

Bolalarolami.uztahririyati

Maqolaga baho bering

Ulashish

    telegram iconfacebook-logo
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img
  • dunyoBola-img