Siz ham farzandingiz telefonida nimalardan foydalanayotgani, ekranlardagi vaqtini nimalarga sarflayotganini, internet platformalarida nimalar tomosha qilib, qanday narsalar yuklayotganini bilishni istaysizmi va bundan tashvishlanasizmi. Ularni nazoratingiz ostiga olishnichi?
Ma'lumki, axborot va texnika olamidagi misli ko'rilmagan rivojlanishlar avvaldan mavjud xavf va xavotirni bir necha barobarga kattalashtirishi mumkin. Biroq, quyida siz bilib oladigan bir nechta «ota-ona nazorati» ilovalari orqali bolangizning telefonini to'liq nazoratga olishingiz, vaqt sarfi, nimalardan foydalangani va boshqa ko'plab ma'lumotlarni bilib olishingiz hamda cheklovlar o'rnatishingiz mumkin. Siz uchun foydali bo'ladi, degan umiddamiz.
Ota-nazorati funktsiyasi (Roditel'skiy kontrol')
Mazkur imkoniyat zamonaviy telefonlar va ilovalarga ishlab chiqaruvchi tomonidan o'rnatilgan. Foydalanish uchun uchun ortiqcha yuklab olish, to'lov yoki boshqa qiyinchiliklar mavjud emas. Uni telefon yoki dastur sozlamalari ichidan topishingiz mumkin. Foydalanish bo'yicha to'liq tafsilotlar bilib olasiz hamda cheklovlar o'rnata olasiz. Biroq, ba'zi telefonlarda bu funktsiyadan faqat ularning o'zidagina foydalana olasiz, ya'ni, o'z qurilmangizga ulashning imkoni bo'lmasligi mumkin.
Google Family Link
Ota-ona nazorati turkumida eng yaxshi ilovalardan biri. Foydalanish mutlaqo bepul. Ilovani Android va ChromeOS foydalanuvchilari ishlata oladi. Ushbu dastur Play Market do'konlarida 100 milliondan ortiq yuklab olishlar soniga, 4,7 baholanish reytingiga ega. 6 tagacha qurilma ulashingiz, oilaviy guruh yaratishingiz, foydalanish vaqtiga cheklov kiritishingiz, farzandingiz joylashuvini bilishingiz, xavfsiz qidiruv va shu kabi imkoniyatlardan foydalanishingiz mumkin. Ilovaning kamchiliklari: faqat cheklangan nazorat; qurilma o'chsa yoki yangilansa ma'lumotlar o'chib ketishi va farzandingiz faqat 13 yoshga to'lguncha foydalana olishingiz.
Apple Screen Time
Faqat iOS foydalanuvchilari uchun ishlab chiqilgan maxsus imkoniyat. Ushbu funktsiya Apple qurilmalari sozlamalari qatoridan topishingiz mumkin. Bepul. Undan foydalanish orqali ekran vaqti va kontentga oid yosh cheklovlarini o'rnatishingiz, ilovalar uchun vaqt cheklovlarini sozlashingiz, muloqotlarni nazorat qilishingiz, onlayn xaridlarni maxsus ruhsat talab qiluvchi etib sozlashingiz va boshqa bir qator qulayliklarga ega bo'lishingiz mumkin.
Yuqorida barcha uchun ochiq va bepul ota-ona nazorati dasturlari haqida ma'lumot berdik. Boshqa ko'plab nazorat ilovalari premium rejimda ishlaydi, ya'ni ulardan foydalanish uchun ma'lum miqdordagi to'lovni ma'lum muddat uchun to'lashingiz kerak. To'g'ri, ba'zilarida bepul muddat ham mavjud. Ammo, ushbu davr tugagach Pro versiya xarid qilmasangiz ulardan foydalana olmaysiz. Agar ularga ehtiyojingiz bo'lsa, qurilmangizdagi ilova do'konlaridan yuklab olib, foydalanishingiz mumkin.
Shuningdek, xorijiy ilovalarga nisbatan ishonchsizlik bo'lsa, aynan hamyurtlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan KIDSAFE ilovasi ham bu borada sizga yordam bera oladi.
Ilova orqali siz farzandingiz smartfonidan qimor o'yinlari, pornografik kontentlar, begonalar bilan tanishuv platformalari va bolalar ruhiyatiga salbiy ta'sir qiluvchi boshqa sayt hamda ilovalarni qisqa fursatlarda bloklab qo'yish imkoni bor.
Ushbu ilova haqida batafsil ma'lumot uchun quyidagi raqamga qo'ng'iroq qilishingiz yoki telegram orqali yozishingiz mumkin:
+998935050117