Bir necha kun avval Telegram kanalimiz orqali e'lon qilingan videoda 6 yoshli bog'cha tarbiyalanuvchisi o'z onasi tomonidan pichoqlangani haqida xabar qilingan edi.
Aniqlanishicha, ushbu holat Samarqand viloyati, Bulung'ur tumanidagi 9-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 6 yoshli bola bilan sodir bo'lgan. Uning bobosi (dadasining dadasi) esa Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga mazkur holatni nazoratga olib amaliy yordam berishini so'rab murojaat qilgan.
Uning arizasida aytilishicha, bolaning otasi Rossiya Federatsiyasida ishlaydi. Kelini o'g'liga xiyonat qilgani sabab o'g'li uni haydab yuborgan.
Bolakayning bobosi nabirasidan xabar olish uchun MTTga borganida u yig'lab, «bizni oilaviy urishadi» deb aytgan. Uning so'zlariga ko'ra, bolaning bobosi (onasining dadasi) ko'ziga ko'rinishi bilan ularni uradi, tog'asi esa kabel' bilan savalaydi, onasi esa yuqorida ta'kidlaganimizdek, uning oyog'iga pichoq urgan.
Bolalar ombudsmaniga ariza yuborgan murojaatchi ayni paytda bolalarni qaramog'ida saqlab turgan oilada muhit yomon ekanligi, sobiq ichkilikboz bobosi, zo'ravon tog'asi va o'z farzandini pichoqlagan onasi tufayli bolalar xotirjam hayot kechira olmasligini ta'kidlagan. Shuningdek, qudasi muqaddam sudlangani (2021 yilda bolalarga nisbatan harakatlari uchun Jomboy tuman sudida JKning 52-moddasi bilan jazolanganini ham eslab o'tgan.
Bolalarolami.uz veb-sayti tahririyati mazku holat yuzasidan tegishli idoralar, xususan, Bolalar ombudsmani va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar chora ko'rishi shart deb hisoblaydi.