Joriy yilning 20 dekabr kuni Gollandiyaning Rotterdam shahridagi Tashqi ishlar vazirligi binosi oldida 7 oktyabrdan beri Isroil tomonidan G'azoda o'ldirilgan falastinlik bolalarni xotirlash uchun 8000 juft poyabzal qo'yildi. Bu haqda “Middle East Monitor” agentligi xabar bergan.
Rotterdamdagi Binnenrotte maydonida zaytun daraxti ekish fondi tomonidan uyushtirilgan tadbirda Isroilning G'azodagi hujumlarida hayotdan ko'z yumgan minglab bolalar yodga olindi.
Isroil hujumlarida halok bo'lgan bolalarni xotirlash uchun maydonda taxminan 8 ming juft bolalar poyabzali qoldirilgan.
Tadbirda G'azoda hayotdan ko'z yumgan minglab bolalarning ismlari va yoshi o'qilgan.
G'azoda har 10 daqiqada bir bola halok bo'layotganini bildirish uchun maydonga har 10 daqiqada bir juft poyabzal qo'yilgan.
Ko'ngillilar maydondan o'tayotganlarga G'azoda sodir bo'layotgan voqealar haqida risolalar tarqatish orqali ularni voqealarning asl mohiyatidan xabardor qilgan.
Zaytun daraxti ekish fondi menejeri Ester van der Most o'z bayonotida maydonda 8 ming juft poyabzal borligini aytgan.
«So'nggi 75 kun ichida G'azoda 8 mingdan ortiq bola o'ldirildi. Biz bu poyabzallarni qancha bola tilga olinganiga e'tibor qaratish uchun yig'dik. Odamlar ular haqida nimadir his qilishlari, falastinliklarni inson sifatida ko'rishlari uchun. O'ldirilgan bolalar xotirasi uchun motam tutish va xotirlash uchun, lekin birinchi navbatda biz to'xtang deyish uchun keldik. Falastinlik bolalarni o'ldirishni to'xtating, bosqinni to'xtating, hammasini to'xtating», deydi u.
Bildirilishicha, Isroilning G'azo sektoriga uyushtirgan hujumlarida kamida 8 ming bola, 6 ming 200 ayol bo'lgan 19 ming 667 falastinlik halok bo'lgan, 52 ming 586 kishi yaralangan.
Eslatib o'tamiz, bugun, 27 dekabr' kuni G'azoda halok bo'lgan falastinliklar soni qariyb 21 mingga etdi.