Albatta, Qur'oniy va nabaviy ko'rsatmalarning hammasi bu holatda faqat yumshoqlik bilan, yaxshilik bilan inkor etish lozimligini ko'rsatadi.
Inkor etish deganda faqat jahl yoki isyon tushunilmaydi. Yumshoqlik, yaxshilik va tabassum bilan inkor etish lozim. Bu holatda buyuk imomlarimizdan biri Imom Shofeiyning aytganlarini misol keltirsak, mavzu yanada oydinlashadi.
Hazrati imom Shofeiydan so'radilar: «Farzand ota-ona bilan xusumatlashsa, ya'ni xusumat kayfiyatida gaplashsa bo'ladimi?» Shunda imom Shofeiy: «Nima deyapsizlar? Ota-ona bilan xusumatlashish-a? Aslo! Ota-onaning o'zi tugul, hatto ularning kavushi bilan ham xusumatlashish mumkin emas», – dedilar.
«Kimki o'zi haq bo'la turib, ota-onasi nohaq bo'lsa va ota-onasiga o'zining haqligini isbotlash maqsadida hujjat keltirsa, farzand ota-onasiga oq bo'ladi», deganlar imom Shofeiy.
Afsuski, qancha farzandlar o'zining haqligini isbotlash uchun ota-onasi bilan tortishadi, buning aslo keragi yo'q.